Yangi loyihalar import oʻrnini kamaytirmoqda
Koronavirus pandemiyasi davrida davlat avvalo, odamlarning salomatligini oʻylab barcha chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Lekin ayni choqda iqtisodiyot ham muhim.
Koronavirus pandemiyasi davrida davlat avvalo, odamlarning salomatligini oʻylab barcha chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Lekin ayni choqda iqtisodiyot ham muhim.
Bunday sharoitda karantin qoidalariga rioya qilgan holda ish tashkil etish, yangi loyihalarni ishga tushirish, eksportni amalga oshirish rahbar va tashkilotchilardan masʼuliyatgina emas, balki boshqaruv qobiliyatini ham talab etadi. Ayniqsa, bugungi kunda hududlarda bu boradagi ishlar aslo toʻxtab qolmasligi kerak.Tadbirkorlik subyektlari va korxonalarga har tomonlama koʻmak berish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyevning shahar-tumanlar aholisi bilan ularni ish joyiga borib oʻtkazayotgan uchrashuvlari davom etmoqda. Unda pandemiya sharoitida korxonalarning barqaror ishlashini taʼminlash, ishchi-xodimlar uchun sharoitlar yaratish va muammolarini hal etishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bugun ana shunday muloqot Toshloq tumanidagi bir qator ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazildi. “Martoshmaxsuskiyim” masʼuliyati cheklangan jamiyati ayni kunlarda barqaror faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerdagi uchrashuvda korxonaning bugungi ishlari chuqur tahlil qilindi.
-Asosan Rossiyaga maxsus kiyimlar tikmoqdamiz, -deydi jamiyat ishchisi Zulfiya Xoliqova. – Sharoitlar yaratilgan. Tushlik, transport bepul. Ish haqimiz oʻz vaqtida berib turilibdi.
Viloyat rahbari bu yerdagi yutuqlarini eʼtirof etgan holda qishloq joylaridagi vaqtincha ishsiz ayollar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish borasida koʻrsatmalar berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 80, baʼzi oylarda 90 foizi eksport qilinmoqda. Bundan tashqari shu yilning 6 oyida ichki bozoriga 600 million soʻmlik oʻzlari tikkan kiyim-kechak yetkazib berilgan.
Viloyat hokimi ishchi mutaxassislarning yana bir masalasini shu yerdayoq hal qildi. Korxona tabiiy gaz tarmogʻiga ulanmagan edi.
- Viloyat rahbari bizning sexga kelib, xol ahvolimizni, salomatligimizni soʻradi, biz bilan samimiy suhbatlashdi, - deydi tikuvchi Mahliyo Aliboyeva. – Eng taʼsirlisi shu boʻldiki, viloyat hokimi bizga oʻzining uyali telefoni raqamini berdi. Muammo boʻlsa menga kecha-kunduz demay qoʻngʻiroq qilaveringlar, dedi.
Toshloqning yana bir tadbirkori Farhod Botirov “Agroimpeks VALLEY” Oʻzbekiston – Koreya qoʻshma korxonasini tashkil etgan.
Bu yerdagi uchrashuvda Toshloq tumanida aholi zichligi tilga olinib, bu kabi ishlab chiqarishga ehtiyoj kattaligi taʼkidlandi.
-Hozir gigant korxonalar qurish emas, kichik, bozor sharoitidan kelib chiqib mahsulot turini oʻzgartira oladigan ishlab chiqarishlar samara beradi,-dedi Shuhrat Gʻaniyev.
– Janubiy Koreyalik investor bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada kuniga 30-60 tonna metal quvur va profillar ishlab chiqaramiz. Unga 2 million dollar investitsiya kiritdik, - deydi jamiyat raisi Farhod Botirov. – Shu yil avgust oyida, mamlakat mustaqilligi bayrami arafasida ish boshlaymiz.
Oʻtgan yilda Farhod Botirov avtomobillarga yuqori oʻtkazgichli svechalarning kabellarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygandi. Ilgari bu kabi mahsulotlar Oʻzbekistonga faqat import qilinardi xolos. Korxona hozirda kuniga 3000 ta avtomashina uchun yuqori sifatli kabellar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Kelgusida uni kengaytirib eksportni yoʻlga qoʻyishmoqchi.
Toshloqlik ishchi va mutaxassislar, tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan bunday muloqotlar natijasida bir qator masalalar oʻz yechimini topdi.