Yangi korxona ishga tushdi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Mevazor mahallasida ishga tushgan sholini qayta ishlash korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasida OAV vakillari “Mega Stroy Invest Hamkor” MCHJ ning korxonani bunyod etish yuzasidan amalga oshirgan ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxonaning umumiy qiymati 1 million 260 ming AQSH dollarini tashkil etib, shundan 200 ming dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xitoydan olib kelingan zamonaviy uskunalar yordamida sholini qayta ishlash, tozalash, saralash va qadoqlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, barcha jarayonlar mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda korxonada 10 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Mas’ullarning ta’kidlashicha, sentyabr oyidan boshlab ishlab chiqarish hajmining oshishi natijasida ish o‘rinlari ko‘payadi.

Press-tur ishtirokchilari korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, mavjud imkoniyatlar va mazkur loyihaning istiqbollari haqida ma’lumot oldilar.
Korxona rahbariyati kelgusida ichki bozor bilan birga eksport yo‘nalishlarini ham rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri