Yangi ko‘prik ishga tushdi
Mamlakatimizda xalqaro talablarga to‘la javob beradigan magistral yo‘llar barpo etish, ularni dunyo yo‘llariga tutashtirish, avtotrassalar bo‘yida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda xalqaro talablarga to‘la javob beradigan magistral yo‘llar barpo etish, ularni dunyo yo‘llariga tutashtirish, avtotrassalar bo‘yida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2010-yil 21-dekabrdagi “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida barpo etilayotgan xalqaro ahamiyatga molik G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu avtomobil yo‘lining 652 kilometri Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tadi.
Ushbu yirik bunyodkorlik ishlari doirasida xalqaro yo‘lning 765-kilometrida, ya’ni Nukus – Chimboy – Taxtako‘pir yo‘li bilan kesishgan joyda zamonaviy ko‘prik bunyod etildi. 2013-yilning dekabrida boshlangan qurilish ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-foydalanish korxonasi tomonidan amalga oshirildi.
Inshootning ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari O.Hamroyev va boshqalar mamlakatimizda yo‘l infratuzilmasini, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yo‘llarni zamon talablariga moslashtirish, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
– Xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan ushbu inshoot qurilishida qirqdan ziyod ishchi-muhandis 20 ga yaqin zamonaviy texnika va mexanizmlardan unumli foydalanib, ishni sifatli yakunladi, – deydi korxona rahbari Rustam O‘razimbetov. – Shu kunlarda qurilishning ikkinchi bosqichi, ya’ni ko‘prik atrofini obodonlashtirish, tungi yoritkichlarni o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Inshoot Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik bayramiga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ladi.
– Transport vositalari serqatnov hududda zamonaviy ko‘prik barpo etilgani aholi uchun ham, haydovchilar uchun ham juda qulay bo‘ldi, – deydi haydovchi Jaqsiliq O‘razimbetov. – To‘rt yo‘lning tutashgan joyida harakat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, tranzit avtoulovlar harakati uchun ham keng imkoniyatlar yaratildi.
Xalqaro ahamiyatga molik G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tgan qismida 1 motel, 3 avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi, 4 avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi, 6 avariya-chaqiruv va tibbiy hamda texnik yordam punkti, 2 avtomobillarning qisqa to‘xtash joyi bunyod etilmoqda.