Yangi kitob: «O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi»
«Yangi asr avlodi» nashriyoti tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi To‘lqin Eshbekning «O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi» kitobi chop etildi.
To‘plamdan adibning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan bag‘ishlov, qasida va naziralari, hajviy xarakterga ega, hazil-mutoyibaga boy she’rlari o‘rin olgan.
To‘lqin Eshbekni ko‘pchilik publitsist, yana kimlardir pedagog sifatida yaxshi taniydi. Ammo uning she’r yozishidan aksariyatimizning xabarimiz yo‘q. Talabalik yillaridan boshlab she’riy mashqlari gazeta va jurnallarda chop etilgan To‘lqin Eshbek kursdoshlari davrasida o‘tkaziladigan she’rxonliklarda faol ishtirok etgan. Ushbu kitobga ham ijodkorning yillar davomida yozilgan va mamlakatimizdagi nufuzli vaqtli nashrlarda chop etilgan she’rlari kiritilgan.
– Kitob ijodkorning farzandi, – deydi To‘lqin Eshbek. – Ushbu kitobga nazmda bitgan asarlarimni saralab, o‘quvchilarga taqdim etishga harakat qildim. She’riy to‘plamim O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor Umarali Normatov so‘z boshisi bilan chop etildi. She’rlar ustida bir muddat ishlashga to‘g‘ri keldi. Yangi O‘zbekistonimizning farovon kunlariga atalgan nazmda bitilgan asarlarimni ham kiritishga qaror qildim.
Kitob uch ming adadda, Feruza Qurbonova muharrirligida chop etilgan.
D.Mamatova, O‘zA