Yangi kitob: “Bu kunlarni she’r qil, shoirim”
Taniqli shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi Zulfiya Mo‘minovaning “Bu kunlarni she’r qil, shoirim” nomli yangi kitobi nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoiraning publitsistik maqolalari, esse va bugungi kun nafasi ufurib turgan o‘tlug‘ she’rlari joy olgan.
– Publitsistik asar odatda ijodkorning jamiyat va insonlar hayotida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan dolzarb masalalar borasida kitobxon bilan do‘stona, ochiq-oydin muloqot qilish ehtiyoji yuzaga kelganida yaratiladi. Zulfiya Mo‘minovaning “Bu kunlarni she’r qil, shoirim” publitsistik maqola va esselar to‘plami aynan shunday xarakterga ega, - deb yozadi filologiya fanlari doktori, professor Shohsanam Davronova.
Maqola, esselarda aks etgan dilnomalar shunchaki tuyg‘ular emas, balki ijodkorni ruhlantirgan voqea-hodisalarning chuqur tahlili va ilhomi ifodasidir.
“Mustaqillik bayrami arafasida nabiralarim bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga bordik. Atrof shu qadar musaffoki havoni bol kabi simirasan. Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan yurtdoshlar qiyofasida bayramona shukuh. Go‘daklarning shodon qiyqirig‘i ona tabiatning zavqini orttirayotgandek. Gullarga to‘lgan bu bo‘stonda bolalar rosa sho‘x-shodonliklar qilishib, birdan o‘rindiqlarda o‘tirgan bobo va buvilarining bag‘rilariga o‘zlarini otadi.
– Buvijon O‘zbekistonimni ko‘rdingizmi? – deb so‘raydi 5 yoshli nabiram Saida’zamxon.
– Qani seni O‘zbekistoning?
– Mana mening O‘zbekistonim, qarang, qanday baland, boshi osmonga tegadi, – deya u jajji qo‘llari bilan Mustaqillik monumentini ko‘rsatdi.
– Ha, juda chiroyli, juda baland, abadiy shunday muhtasham bo‘lsin Ona O‘zbekiston va uning mustaqilligi, – deyman, men ham monumentga qarab.
O‘zbekistonim desam,
Boshim tegar osmonga.
Boshim uzra bulutlar,
Aylanadi dostonga.
Tonglar nurga ulangan,
Tunlar sirga o‘ralgan.
Ona yurtim ertasi,
Allohimdan so‘ralgan...”
Kitob boshdan oxir beg‘araz tuyg‘ular, samimiy e’tirof, dil izhorlaridan iborat.
“Qo‘llaringni ber, Mo‘ynoq” she’ri shunday boshlanadi:
Qancha dovonlar o‘tdik,
Qumli bo‘rondan o‘tdik,
Nahot seni unutdik,
Bizlarni kechir, Mo‘ynoq,
Qo‘llaringni ber, Mo‘ynoq.
She’rning yakuniga e’tibor bering:
BMTni qaratgan,
Dunyo nigohin tortgan,
Ko‘zingdan quming artgan,
Yurtboshim erur, Mo‘ynoq,
Qo‘llaringni ber, Mo‘noq.
Gullar bag‘ring chamani,
Ey, mehrimning mahzani,
Ha, demayin hammani,
To‘ylarga chaqir, Mo‘ynoq,
Qo‘llaringni ber, Mo‘ynoq...
Shoiraning ushbu samimiy satrlari xalqimiz dilidagi cho‘ng orzu o‘laroq yangraydi.
Kitobdan shoiraning 70 ga yaqin maqola, esse, qaydnoma, she’rlari o‘rin olgan. Mundarija, mavzular rang-barang. Ammo ularni yaxlitlashtirib turadigan nuqta bor. Bu Ona – Vatanga sadoqat, uning odamlari, urf-odatlari, yutuqlarini jon qadar sevish, ularga cheksiz muhabbatdir.
“Bu kunlarni she’r qil, shoirim” yoshlarni Vatanni, uning yer-suvi, tabiati, odamlarini sevishni o‘rgatadigan kitob. Albatta, o‘qing.
O‘zA