Yangi institut ilk bitiruvchilarining ish joyi tayin
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining bakalavr bosqichini tamomlagan ilk bitiruvchiga diplom topshirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 sentyabrdagi qarori bilan Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali tashkil etilgandi. Oqdaryo tumani Dahbed qo‘rg‘onida faoliyat boshlagan filial Prezidentimizning 2023 yil 7 iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga aylantirildi.




– Agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, inson resurslarini rivojlantirish va uning salohiyatidan samarali foydalanish, xalqaro talablarga mos kadrlar tayyorlash kabi vazifalar institutning asosiy maqsadlari sifatida belgilangan, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori Shavkat Hasanov. – Ana shu vazifalardan kelib chiqib, avvalo xalqaro tashkilotlar va grantlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qildik. Natijada Koreya Respublikasi, Germaniya, Angliya davlatlaridagi universitet va ilmiy tadqiqot institutlari bilan aloqa o‘rnatdik, bir qator xalqaro grantlarda ishtirok etdik. Bugun institutni bitirib, mustaqil hayotga yo‘llanma olayotgan 165 nafar yosh mutaxassislarimiz ana shu loyihalarda ishtirok etdi, bilim va malakasini oshirdi. Ular agronomiya, agrokimyo va agrotuproqshunoslik, o‘simliklarni himoya qilish, mevachilik va uzumchilik, iqtisodiyot (qishloq xo‘jaligida), buxgalteriya hisobi kabi 15 yo‘nalishda ta’lim oldi. O‘qish davomida talabalarning 75 nafari Germaniyada, 10 nafari Angliyada 3-6 oylik haq to‘lanadigan stajirovka o‘tadi. Boshqa talabalarimiz ham o‘qish bilan birga yurtimizdagi agroklaster va fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalarida amaliyotda bo‘ldi, ish faoliyatini boshladi. Shu bois bugun bitiruvchilarimizning 90 foizdan ortig‘ida ish o‘rni naqd. 30 nafar bituruvchimiz esa xorijiy tilni bilish bo‘yicha B1, B2 darajali sertifikat olib, ta’limni magistratura bosqichida davom ettirish niyatida.



Bitiruvchilarga diplom topshirish jarayonida o‘qish davomida iste’dodli va faolligi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lgan yoshlarning ota-onalariga institut rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari