Yangi inshoot foydalanishga topshiriladi
Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida ham O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bayrami “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida keng nishonlanmoqda. Shu bilan birga yangi inshootlar ham foydalanishga topshirilishi davom etmoqda.
Tumandagi “Yorqin” shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi bayramni chinakam tantana bilan nishonladi. Prezidentimizning2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston – Turkiya hamkorligidagi “Taskin Carpet” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona bunyod etilib foydalanishga topshirildi.
Korxonaning ochilish tadbirida nuroniylar, mehnat faxriylari, mahalla faollari, viloyat prokuraturasi, tuman hokimligi, tuman sektorlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibragimov, Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida salmoqliroq ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
[gallery-19084]
Ushbu korxonani barpo etish uchun Turkiya davlatidan 500 ming AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi. Bu yerda toza ipakdan gilam to‘qish faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 60 nafar ishsiz aholining bandligi ta’minlandi. Korxonada yiliga 350-360 dona toza ipakdan gilam to‘qilib, ushbu mahsulot Yevropa davlatlariga ham eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, shu kuni tumandagi “Pistalikent” hamda “Cho‘li-guliston” mahalla fuqarolar yig‘inlarining yangi ma’muriy binolari ham foydalanishga topshirildi. Ushbu inshootlar qurilishi uchun 640 million so‘m mablag‘ sarf-xarajat qilindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.