Yangi ijtimoiy soha binolari ishga tushdi
Bosh qomusimiz qabul qilinganining o‘ttiz bir yillik bayrami munosabati bilan Surxondaryo viloyatida quruvchilar yangi barpo etilgan, tubdan qayta ta’mirlangan ijtimoiy soha ob’ektlarini tuhfa qilmoqda.
Zamonaviy inshootlarni qabul qilib olish Jarqo‘rg‘on tumanidagi Qorayantoq mahallasidan boshlandi. “Yangi O‘zbekiston” massivida bir yo‘la yangi bunyod etilgan 330 o‘rinli maktab, 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 50 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi.


Yangi maktabni qurib, topshirish uchun 11 milliard 200 million so‘m, maktabgacha ta’lim muassasasiga 6 milliard 600 million va oilaviy shifokorlik punkti uchun 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangi shahar mahallasida 10 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta rekonstruksiya qilingan 576 o‘ringa mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan maktab va Elobod mahallasida qiymati 4 milliard 400 million so‘mlik 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi.


Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirlarda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.



Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri