Yangi ijtimoiy ob’ektlar aholi xizmatida
Mustaqillik bayramini Qarshi tumani aholisi shodu xurramlikda kutib oldi. Boisi bayram munosabati bilan tumanda ko‘plab yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Shulardan biri Qoraquchchi mahallasida joylashgan 53-oilaviy poliklinikasi. Ushbu bino 978 million so‘m evaziga kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Aytish joizki, mazkur oilaviy poliklinika jamoasi tumanning Kojor, Qoraquchchi va Lagandi MFYlarining 14 ming 505 nafar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Mazkur birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasida xirurg, stomatolog, akusher-ginekolog, ultratovush tekshirish (UTT) shifokori faoliyat ko‘rsatayotgani aholini quvontirmoqda. Muassasa to‘liq raqamlashtirilib, “elektron poliklinika” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu kungacha o‘z binosi bo‘lmagan Kaxlak MFY idorasi uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bundan aholi juda mamnun bo‘ldi.
Tumandagi O‘zbekiston Mustaqilligi mahallasida 3 milliard 150 million so‘m mablag‘ evaziga 70-yillarda qurilgan juda ham abgor holatga kelib qolgan bolalar bog‘chasi qayta ta’mirlanib, mahalla ahliga sovg‘a qilindi. Endilikda mahalladagi 180 nafar bolajon zamonaviy bog‘chada ta’lim tarbiya oladi.



– Mahalladagi yosh bolasi bor oilalarning xursandchiligi cheksiz, – deydi tarbiyachisi Mashhura Hayitova. – Ko‘p yillar davomida shunday sharoitlar bo‘lishini orzu qilganmiz.



E’tirof etish kerak, ushbu o‘quv yilida ancha eskirgan maktablarda ta’lim olayotgan tumandagi qator mahallalarning bolalari yangi zamonaviy binolarda ta’lim olishadi. Xususan, tuman investitsiya dasturi asosida 63- va 68-sonli maktablarda rekonstruksiya ishlari, 12-,18-,35-sonli maktablarda esa mukammal ta’mirlash ishlari olib borilib, mahalla ahli xizmatiga topshirildi.

Bunyodkor mahallasida 6 milliarddan ortiq mablag‘ evaziga 844 o‘rinli 12-maktab binosi mukammal ta’mirlandi. Qoraquchchining juda abgor holatga kelib qolgan 18-sonli maktab binosi esa to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy jihozlandi. Bunga 4 milliard 193 million so‘m sarflandi.

Tuman markazidan uzoq, Mang‘it mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 68-sonli maktabning foydalanishga topshirilishi yanada quvonchli bo‘ldi. Ushbu maktabning yangi binosi qurilgan hududda maktab yoshidagi bolalar endilikda yashash xonadoniga yaqin bo‘lgan maktabga qatnashadi.
Ushbu ob’ektlarning tantanali ochilish marosimida Qarshi tumani hokimi Behzodjon Yusupov ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA