Yangi Farg‘ona shahri bo‘y cho‘zmoqda
O‘zbekiston Prezidentining har gal viloyatlarda islohotlarning borishi bilan tanishuvi xalq farovonligini ta’minlashda muhim voqea bo‘ladi. Davlat rahbarining topshirig‘i bilan barcha hududlar, jumladan, Farg‘onada ham yangi turar-joylar bunyod etilyapti.
Farg‘ona viloyati uchun 2022 yilda amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning biri, bu – shubhasiz eko-shahar loyihasidir. Avvallari biron-bir imorat qurilmagan, biron-bir ko‘chat ekilmagan, ammo Farg‘ona shahriga tutash bo‘lgan adirliklarda bugun 298 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Ular bitgach, oltmish ming aholi yashaydigan yangi shahar paydo bo‘ladi.
Bu yerda bir yil avval hech narsa yo‘q edi. Eko-shahar bog‘ini yaratish va biri-birini takrorlamaydigan loyihalar asosidagi binolar tiklanishi bir vaqtning o‘zida boshlandi. Endi farg‘onaliklar mana shunday keng, yorug‘, qulay xonadonlarda yashaydi.
"Poydevordan tortib har bir qavat nazorat qilinyapti, – deydi Qurilish nazorat inspeksiyasi xodimi Umidjon Uzoqov. – Har bir bosqichga betonning markasi tekshirilib, kelgan armatura, g‘ishtlar, laboratoriyada sinalib ob’ektga kiritilyapti... Har bir bino shaharsozlik qurilish normalari asosida qurilyapti. Har bir etaj bizning xulosamizsiz keyingisiga o‘tgani yo‘q. Mustaqillik eko-shahari deb atalayotgan Yangi Farg‘onada hamma qulayliklar mujassam. 10 ta bolalar bog‘chasi, 6 ta 1,5 ming o‘rinli maktab qurilishi belgilangan. Bundan tashqari, 70 gektar aholi dam olish hududi tashkil etganmiz. Hozir 15 ming tupdan ko‘proq manzarali ko‘chat ekildi. Shuningdek, 3,2 gektarli ko‘l bo‘ladi. O‘rtasida 4 ming o‘rinli amfiteatr quriladi. Poliklinika, shifoxona ham bosh rejadan o‘rin olgan".
Ish dastlab infratuzilma yaratishdan boshlandi. 11 kilometrli suvoqova, 14 kilometr ichimlik suvi, shaharchaning ikkiga bo‘lib turuvchi kanal qurilyapti.
Bunday megaloyihalar xorijiy tadbirkorlarning, investorlarning ham e’tiborini tortdi.
"Juda ko‘p chet ellik hamkorlar kelyapti, – deydi qurilish shtabi rahbari Kozimjon Anvarov. – Turk hamkorlarimiz 25 qavatli binoni qurish uchun auksionda yerni yutib olishdi, ishlar boshlandi. Yapon hamkorlarimiz kelishdi. Ular 3 gektar maydonda yapon shaharchasini qurishadi".
Shunday qilib, O‘zbekiston Prezidentining aholi yashash sharoitini yaxshilash borasidagi topshiriqlari Farg‘onada o‘z ijrosini topmoqda. Bu kabi uy-joylar «Yangi O‘zbekiston» nomi bilan barcha shahar, tumanlarda ham qurilmoqda.
"Shu yil oxirigacha 80 ta uyni foydalanishga topshiramiz. Bu 3 mingdan ortiq xonadon degani. Yana 2 ta 990 o‘rinli maktab, 440 o‘rinli bog‘cha tayyor bo‘ladi", deydi Kozimjon Anvarov.
Muhammadjon OBIDOV