Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlarning muhim tafsilotlarini taqdim etadi.

Filippin va Vetnam munosabatlarni kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarmoqchi. Tomonlar Janubiy Xitoy dengizida tinchlik va barqarorlikni saqlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, ikki davlat mudofaa, xavfsizlik, ta’lim, turizm va iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Xitoy. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Shanxay shahrida Xitoy Kommunistik partiyasi yuqori lavozimli vakili Chen Dinin bilan uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, Serbiya mahsulotlari Xitoy bozoriga yanada chuqurroq kirib borish hamda mavjud aloqani mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Vuchich Xitoy bilan o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirib, Chen Dininni Belgradga taklif qildi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda Indoneziya Prezidenti Prabovoni davlat tashrifi doirasida qabul qildi. Uchrashuv o‘zaro hamkorlik jadal rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqladi. Makron ta’kidlashicha, Indoneziya Fransiyaning muhim strategik hamkoridir. Tomonlar ikki davlat strategik sherikligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga kelishib oldi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Dehlida Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis bilan uchrashdi. Muloqot davomida do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Modi uchrashuv samarali, do‘stona ruhda o‘tganini ta’kidlab, Hindiston va Kipr hamkorligi kelgusida yanada kengayishini bildirdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovich va xorvat xalqini Davlatchilik kuni bilan tabrikladi. Tabrikda ko‘p yillik hamkorlik yuqori baholanib, turli sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyorlik ta’kidlangan. Shuningdek, Toqayev Milanovichga davlat xizmatidagi faoliyatida muvaffaqiyat, xorvat xalqiga esa tinchlik-farovonlik tiladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA