Yangi bog‘chalarga tarbiyalanuvchilar qabul qilindi
O‘rta Chirchiq tumanida 2 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi. “Kim Pen Xva” nomli mahalla fuqarolar yig‘inidagi 19-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi 350 o‘rinli bo‘lib, bu yerda 320 nafar bolajonlarni ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 180 o‘rinli 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim maskani ham shu kuni ish boshladi. Hozirda 240 nafar tarbiyalanuvchilarni o‘z bag‘riga oldi. Dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan ushbu bog‘chaning qurilishi uchun 2 milliard 200 million so‘m sarflangan.


– Sayyor xizmat davomida farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga joylash uchun ariza bergan ota-onalarning farzandlariga shu joyning o‘zida yo‘llanmalar berildi, – deydi O‘rta Chirchiq tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Sevara Hoshimova.
– Bu kabi qulayliklardan aholi mamnun. Avvallari ota-onalar bu jarayonda yig‘iladigan hujjatlar uchun ko‘p vaqt sarflar edi. Endilikda bu ancha soddalashib, elektronlashtirildi.


O‘rta Chirchiq tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan har ikkala maktabgacha ta’lim maskanida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Sayyor xizmat ko‘rsatish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri A. Shin tomonidan yangi ochilgan maktabgacha ta’lim maskanining ilk tarbiyalanuvchilariga yo‘llanmalar topshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufida 43 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 23 ta davlat, 2 ta xususiy, 1 ta davlat- xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat va 17 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda viloyatdagi mavjud 10 ming 817 nafar 3-7 yoshli bolalarning 6 ming 13 nafari yoki 55,6 foizi mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olindi.
A.Musayev, O‘zA