Yangi binoda barcha qulayliklar yaratilgan
Yangi yil bayrami arafasida Nurafshon shahrida Toshkent viloyat sudining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbir ko‘tarinki ruhda va bayramona kayfiyatda o‘tdi.
Bino “Nurafshon Business City” hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy arxitektura va amaldagi talablar asosida barpo etilgan. Unda sud tizimi faoliyatini samarali tashkil etish, fuqarolar uchun qulay, ochiq va shaffof muhit yaratish, sudlov jarayonlarining tezkor hamda adolatli olib borilishini ta’minlashga qaratilgan barcha zarur sharoitlar bor.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov va uning o‘rinbosarlari, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, viloyat sudyalari, “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent viloyati vakillari, soha faxriylari hamda keng jamoatchilik a’zolari qatnashdi.

Tadbirda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, sudlarning ochiqligi va fuqarolar uchun qulayliklarni yanada kengaytirish borasida olib borilayotgan islohotlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yangi bino sudlov jarayonlari samaradorligini oshirish, adolat tamoyillarini mustahkamlash va aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Mazkur zamonaviy inshoot sud-huquq sohasidagi islohotlarning amaliy ifodasi deyish mumkin. Xususan, mazkur sud binosi uchta blokdan iborat bo‘lib, jami 143 ta xona va 23 ta sud zali, konferensiya zali va 120 o‘rinli oshxona mavjud. Shu bilan birga, aholiga qulaylik yaratish maqsadida avtoturargoh ham bunyod qilindi. Bundan tashqari, xizmat xonasi, tibbiyot xonasi, mediatsiya xonasi, ona va bola xonalari, fuqarolarni qabul qilish xonalari, sud faxriylari xonasi, advokat va prokuror xonalari, sport zali, arxiv xonalari, sud muzeyi, voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish xonalari, mini futbol stadioni ham mavjud.

– Eski binoda fuqarolar kutish joylari kichik bo‘lganligi sababli taraflar sud majlisiga kelganda yozda issiqda, qishda sovuqda aksariyati ko‘chada qolib ketar, qolaversa sud zallari ham yetishmas edi. Yangi binoda esa keng va shinam kutish zali zarur texnikalar bilan jihozlangan. Eng muhimi, viloyatning uzoq tumanlaridan sudga ishi tushib keladigan fuqarolarni endi poytaxtga qatnamaydi, – deydi Toshkent viloyati sudi raisi Dilshod Tojiboyev.
A.Musayev,O‘zA.