Yangi bino ota-onalar va bolajonlarga quvonch bag‘ishladi
Bolalik — inson hayotining eng beg‘ubor, shu bilan birga, eng mas’uliyatli davri. Chunki aynan shu davrda bolaning dunyoqarashi shakllanadi, ilk orzulari tug‘iladi, bilim olishga bo‘lgan qiziqishi uyg‘onadi. Shu bois yurtimizda har bir bola uchun munosib ta’lim-tarbiya sharoitini yaratish, ularning sifatli maktabgacha ta’lim olishini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan yana bir zamonaviy maskan foydalanishga topshirildi. “Tezguzar” mahallasidagi 20-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti filialining yangi binosi mahalla ahli, ayniqsa, ota-onalar va bolajonlarga katta quvonch bag‘ishladi.
90 o‘ringa mo‘ljallangan yangi filial “FAST QUALITY BUILDING” MCHJ tomonidan rekonstruksiya qilindi. Binoni ta’mirlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda tarbiyalanuvchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida 3 milliard 37 million 51 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Rekonstruksiyadan so‘ng muassasa butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Yorug‘ va shinam xonalar, zamonaviy sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur imkoniyatlar — barchasi bolalarning mazmunli va baxtli bolaligini ta’minlashga qaratilgan.

Ayni paytda filialda 3 ta guruh — 2 ta tayyorlov va 1 ta kichik guruh faoliyat yuritmoqda. Bolajonlarga ta’lim va tarbiya berish jarayoniga 14 nafar malakali tarbiyachi hamda mutaxassis jalb etilgan.
Bugun mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan rivojlantirish, uning sifatini oshirish va har bir hududda zamonaviy ta’lim infratuzilmasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning inson qadrini ulug‘lash, farzandlar ta’limi va tarbiyasi uchun munosib sharoit yaratish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari bugun joylarda ana shunday amaliy ishlar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Yangi filialning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Islom taraqqiyot banki delegatsiyasi vakillari, mahalla faollari, nuroniylar, tarbiyachilar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida “Tezguzar” mahallasida foydalanishga topshirilgan ushbu zamonaviy maskan — inson qadrini ulug‘lash, bolalar baxtini ta’minlash va Yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagini bugundan bunyod etish yo‘lidagi yana bir salmoqli qadamdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri