“Yangi Andijon”ning yangi loyihalari (+video)
O‘zbekistonning qaysi viloyatiga bormang yangi turar-joylar qurilgani, qurilayotganini ko‘rasiz. Andijonda ham shunday. Ammo bu loyiha o‘ziga xosligi, qurilish sanoati va me’morchilikning ko‘plab yangi ishlanmalari qo‘llangani bilan ajralib turadi. Avvalo uning hajmi, ko‘lami, miqdoriy ko‘rsatkichlari eng katta raqamlarda ifodalangan. Infratuzilmadagi yangilik, tabiiy manzarani saqlab qolish, ekologik muhit yaratishdagi ilg‘or g‘oyalar, bularning barchasi “Yangi Andijon” shaharchasida mavjud.
Bundan ikki yil avval shahar qurilishi qir-adirlarni o‘zlashtirish va tuproq ishlarini bajarishdan boshlangan edi. Hozirga kelib, 83 ta uylarda qurilish ishlari yakunlanyapti. Ulardan 36 tasi foydalanishga topshirildi va aholi yashamoqda.
Ha, bir yoqda qurilish ishlari jadal davom etayotgan bo‘lsa, ikkinchi yoqda ko‘p qavatli yangi uy-joy binolari uchun yer maydoni tayyorlanyapti. Buning uchun qudratli texnikalar katta miqdordagi tuproq ishlarini bajarmoqda.
–Yangi Andijon umuman 4 ming gektar hududni egallagan bo‘lib, hozir uning 53 gektarida qurilish ishlari amalga oshirilyapti, – deydi shtab boshlig‘i Shoxruh Sobirjonov. –Jami 192 ta ko‘p qavatli uy-joylarimiz qurilishi belgilangan. Shu yilning o‘zida foydalanishga topshiriladigan uylar 100 dan oshadi.
Garchi rasmiy xujjatlarda “shaharcha” deyilsada, kelgusida 400 ming aholi yashaydigan hududni yurtimizning kattagina shahari deyish mumkin. Har bir ko‘p qavatli uyning muhandislik yechimlari mukammal. Masalan, kommunal soha ta’minotini olaylik.

–Kommunikatsiyaga oid elektr energiya, ichimlik suvi, suvoqava tarmog‘i, internet kabellari, barchasi yer osti tonneli ichida bo‘lib, biron bir avariya holati ro‘y bersa yer usti yo‘llari buzilmaydi, – deydi Shoxruh.
Hozirning o‘zida Yangi Andijon chiroy ochgan, ko‘chalari keng, obod shahar qiyofasiga kirdi. Bu yerda yashayotgan aholi kaftdekkina hovlida bog‘-rog‘ yaratyapti, yillik ekin ekmoqda. Bolajonlar uchun har bir uy oldida kattagina o‘yin maydonchalari barpo etilgan. Hali u uyda, hali bunisida uy to‘yi.
–36 ta ko‘p qavatli uy-joylarda 1150 ta xonadon bo‘lsa, uning 956 tasi sotilib bo‘lindi, – deydi Shoxruh Sobirjonov.
Biz xonadon sohibasi ijozati bilan uylarning birida bo‘ldik. Keng, yorug‘ xonalarda, qulay sharoitlarda yashashmoqda ular.
–Ilgari 10-yil ijarada yashaganman, – deydi Oyxon Turg‘unova. – Bu uylar menga juda yoqdi. Barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, Yangi Andijonda hamisha toza havo bor. Uyi yo‘qlarni uylik qilgan davlatimizga, prezidentimizga rahmat.
“Yangi Andijon” shaharchasida ijtimoiy soha inshootlari ham qurib bitkazilgan. 1608 o‘rinli maktab shu yil sentyabrda dastlabki o‘quvchilarni qabul qilishga taxt. 450 tarbiyalanuvchi qabul qiladigan maktabgacha ta’lim muassasasi bilan tanishar ekansiz, undagi sharoitni ko‘rib havasingiz keladi. Yana qayerda shunday bolalar bog‘chasi bor, deysiz.

Uylarning birida pardozlash ishlari olib borilar edi. Darhaqiqat keng xonalari, ikki yonda ayvonchalari bo‘lgan bu xonadonlar ham allaqachon sotilgan deyishdi. Uy tomida esa oilaviy dam olish “hovli”lari tashkil etilibdi.
Shuncha uy qayerdan isitiladi? Turkiyaning “MIMSAN GRUP” kompaniyasi shaharcha chetiga kompyuterda boshqariladigan zamonaviy qozonxona qurgan. Uning ulkan sig‘imlaridagi suv ko‘mir kukuni yordamida isitiladi.
Shu qozonxonaning o‘zi 192 ta ko‘pqavatli uydagi 3 ming xonadonga issiqlik yetkazib bera oladi, - deydi muxandis Kok Xon. – Kelgusida yana ikkita shu kabi qozonxona quramiz.
“Yangi Andijon” va Andijon shahri o‘rtasida allaqachon jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Aholi bundan mamnun. Qolaversa, xaydovchilar va aholining internet orqali muloqoti tashkil etilyapti.
–Qatnovda hozir 12 ta mashinamiz bor, – deydi xaydovchi Mirsaid Jo‘rayev. –Ertalab soat 7 dan to kechgacha yuramiz. Shu yerda yashaydigan aholi bilan telegram gruppamiz bor. Mashinalarimiz qayerda harakat qilayotganligini aholi bilib turadi.
Bu ham “Yangi Andijon” gagina xos xislat.

Biz reklama to‘g‘risidagi qonunga rioya qilib ayrim jihatlarni tilga olmadik. Shaharchadagi eng katta ijtimoiy binolarning birida viloyatdagi barcha banklar vakolatxonalari ochilgan. Kadastr, notarial idora, biznes markazi, sotuv markazi ham shu yerda. Ulug‘nor tumanidan kelib Andijonda o‘qituvchilik qilayotgan Temurbek Nizomovni shu yerda uchratib qoldik.
–Ijarada turib ishlar edik, davlat bergan subsidiya asosida yangi Andijon shaharchasidan 3 xonali xonadon xarid qildik, –deydi Temurbek Nizomov. –“Sanoatqurilishbanki” 20-yilga, 5-yillik imtiyoz bilan kredit berdi. Uni olishda hech qanday muammo bo‘lmadi, bir haftada uyning kadastr hujjatlari va kaliti qo‘limizda bo‘ldi.
Ha, Yangi O‘zbekistonga munosib “Yangi Andijon” qurilmoqda. Yaqin kelajakda esa u viloyat ma’muriy markaziga aylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat hokimligi binosini “Yangi Andijon” shahriga ko‘chirish haqida topshiriq bergan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir oydan so‘ng bu yerda viloyat hokimligi va barcha boshqaruv idoralari binolari qurilishi boshlanadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/15x9vh04v6k" title="“YANGI ANDIJON”NING YANGI LOYIHALARI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA