“Yangi Alat” konida yangi gaz quvuri qurildi
“Yangi Alat” koni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan. Joriy yilda Uglevodorod zaxiralarini o‘stirish Dasturi doirasida mazkur kon ochilgan.
Sanoat miqyosida tabiiy gaz va gaz kondensati oqimi olingan “Yangi Alat” konini o‘zlashtirish maqsadida uzunligi 11,2 kilometr bo‘lgan gaz quvuri qurib ishga tushirildi.
Tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish hajmini ko‘paytirishga erishish uchun yangi istiqbolli “Yangi Alat” konini ishga tushirish maqsadida loyiha instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda texnik yechimlar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, yangi kondagi quduqlardan qazib chiqariladigan tabiiy gazni uzatish maqsadida “Yangi Alat” konidan “G‘arbiy Tegirmon” konigacha 11,2 kilometr uzunlikda diametri 168 mm gaz uzatish quvuri o‘rnatildi.

Ishlab chiqarishda sarf xarajatlarni qisqartirish va mavjud moddiy-texnik resurslardan oqilona foydalanish maqsadida gaz quvurini qurilishi uchun zarur bo‘lgan po‘lat quvur va armaturalar “O‘zbekneftgaz” AJning ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda ajratildi.
Ushbu gaz quvurining ishga tushirilishi natijasida “Yangi Alat” konida yangi burg‘ilashdan chiqayotgan quduqlar gazini kompleks tayyorlash qurilmalariga va qayta ishlash uchun Muborak zavodiga uzatish imkoniyati yaratilib, kondan tabiiy gaz va gazkondensat qazib chiqarilishi yo‘lga quyiladi.
Zarif Komilov, O‘zA