Yana 200 mingdan ortiq iste’molchiga “To‘palang” suv ombori suvi yetkazildi
Prezidentimiz tashabbusi bilan “To‘palang" suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyati suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida barpo etilayotgan toza ichimlik suvi quvurlari eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Jarqo‘rg‘on, Angor va Sherobod tumanlariga yetib keldi.
Shu munosabat bilan Sherobod tumanida bunyod etilgan o‘n ming metr-kub suv sig‘imiga ega zamonaviy inshootda bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov marosim ishtirokchilarini mustaqilligimizning 35 yilligi bilan qutladi. Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lab, ularning tinch, to‘kin yashashi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritdi.
Qiymati 287 million dollarlik yirik loyiha Surxondaryo viloyatida 1 million 700 ming iste’molchini toza, zilol suv bilan ta’minlaydi. Shu kungacha Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Termiz tumani va Termiz shahri aholisiga yetkazib berilgan edi. Endilikda Jarqo‘rg‘on, Angor va Sherobod tumanlari aholisi ham ekologik toza ichimlik suvidan bahramand bo‘la boshladi. Buning uchun viloyat bo‘ylab 320 kilometr suv tarmog‘i tortildi. Bir kecha-kunduzda 200 ming metr kub quvvatga ega ichimlik suvi tozalash inshooti, o‘nta suv saqlash hovuzi, bosimni so‘ndirish inshooti qurildi. Jarqo‘rg‘on, Angor va Sherobod tumanida ichimlik suv ta’minotini tubdan yaxshilash uchun 10 ming metr-kub sig‘imga ega suv saqlash va tarqatish inshootlari barpo etildi. Shu paytgacha aksariyat mahalla va qishloqlarga suv haftasiga o‘rtacha 4-6 soat yetkazib berilgan bo‘lsa, tog‘ qo‘ynidagi zilol suv yetib kelishi bilan 24 soatlik uzluksiz ta’minot yo‘lga qo‘yildi. Ichimlik suvining qattiqlik darajasi ham ikki baravar kamaydi.
Vohada amalga oshirilayotgan mega loyiha shu kungacha viloyatning 200 ga yaqin mahallasida yashaydigan qariyb 800 ming kishining toza ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshiladi. Ana shu iste’molchilarning 200 mingdan ortig‘i Jarqo‘rg‘on, Angor va Sherobod tumanlarida yashaydi.
– “To‘palang” suv ombori suvining o‘z oqimi bilan Termiz shahri va tumanlarga yetkazib berilishi aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash barobarida energiyani tejab qolishga xizmat qilmoqda, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Ermatov. – Jumladan, shu paytgacha vohadagi 105 ta yer osti suv qudug‘ida suv ta’minoti to‘xtatilib, 18,4 million kVt elektr quvvati yoki 18,5 milliard so‘m mablag‘ tejaldi. Joriy yil uchun 100 milliard so‘m va 31,8 million dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan. O‘tgan davrda 479 milliard so‘m mablag‘ evaziga 95 kilometr tarmoq hamda Angor va Sherobod tumanlarida ikkita sig‘imi 10 ming metr-kub bo‘lgan suv saqlash hovuzi qurildi. Yil yakunigacha Muzrabot tumanidagi 9 ta mahallada yashovchi 36,7 ming iste’molchining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Megaloyihada qurilish ishlari davom etmoqda. Sherobodda 23,3 kilometr, Qiziriqda 15, Muzrabotda 27,9, Angorda 13,8, Jarqo‘rg‘onda 14,3 kilometr tarmoq tortilib, ularning har birida bittadan suv inshooti barpo etilmoqda. Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon” aholi punktida 23,3 kilometr tarmoq quriladi.
Yirik loyiha to‘liq yakunlangach, viloyatning Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Bandixon, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Sherobod, Muzrabot, Angor, Termiz tumani va Termiz shahridagi 302 ta mahallada yashaydigan bir million 700 ming kishining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, aholi toza, sifatli obi-hayotdan bahramand bo‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri