Yamandagi urush tufayli 130 000 odam uyini tark etgan
BMT Yamandagi harbiy harakat keskinlashuvi va xusiylarning Saudiya Arabistoni aholisi va energetika infratuzilmasiga uyushtirgan hujumini keskin qoraladi.
Tashkilot rasmiy vakili Stefan Dyujarrik tomonlarni bosiqlikka, xalqaro gumanitar huquq me’yoriga rioya qilishga chaqirdi. Yaman bo‘yicha maxsus elchi Xans Grundberg esa inqirozni bartaraf etish maqsadida Masqatda O‘mon mulozimlari va xusiylar vakillari bilan muzokara olib bormoqda.
Harbiy harakat kuchayishi ortidan Yamanda so‘nggi yillardagi eng yirik gumanitar inqiroz kuzatilmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda 130 000 ga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo‘ldi, 3 100 aholi Qizil dengiz orqali Jibutiga qochib o‘tdi.
To‘qnashuv davomida tibbiyot muassasalari va tez yordam mashinalari hujumga uchrab, shifoxonalarda dori-darmon yetishmovchiligi yuzaga keldi. Ba’zi hududlarda yo‘l, aloqa tizimi zarar ko‘rgani bois insonparvarlik yordamini yetkazish qiyinlashgan.
Shunga qaramay, BMT agentliklari aholiga shoshilinch yordam to‘plami va tibbiy buyum yetkazib berishni davom ettirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA