“Yakshanba” filmi xalqaro kinofestivallardagi sakkizinchi mukofotga sazovor bo‘ldi
"Yakshanba" filmi rejissyori Shokir Xoliqov Qozog‘istondagi Bastau xalqaro kinofestivalida (Bastau International Film Festival) «Eng yaxshi rejissyor» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan yaratilgan "Yakshanba" filmi XV Toshkent xalqaro kinofestivalining Markaziy Osiyo filmlari tanlovida «Eng yaxshi film» deb topilgan.
Shuningdek, film Shanxay xalqaro kinofestivalida «Osiyoning yangi iqtidorlari» nominatsiyasida ham g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Qirg‘izistondagi xalqaro kinofestivalda gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, ushbu kino kartina Osiyodagi eng yaxshi filmlarni aniqlash va ularni mukofotlash loyihasida taqdirlangan. Shu bilan birga Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan "Red Sea film festival"da Shokir Xoliqov "Eng yaxshi rejissyor" deb tan olingan.
Bundan sal avval rejissyor Hindistonda o‘tkazilgan yuqori darajali festivalda "Eng yaxshi rejissyor", "Yakshanba" filmi esa "Osiyoning eng yaxshi filmi" nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan edi. Bu haqida Kinematografiya agentligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA