Yakdillik va hamjihatlik bugunning qatʼiy talabi
Uch oyki olam ahlining eʼtiborini tortayotgan masala – bu koronavirus pandemiyasi boʻlib qoldi.
Munosabat
Uch oyki olam ahlining eʼtiborini tortayotgan masala – bu koronavirus pandemiyasi boʻlib qoldi. Koʻzga koʻrinmas virus balosi butun dunyoni algʻov-dalgʻov qilib yubordi. Jahonning eng qudratli davlatlari ham shu ofatdan aziyat chekyapti va barcha unga qarshi kurashmoqda. Tibbiyot sohasi olimlari virusga qarshi daʼvo – vaksina topish uchun tunu kun harakat qilmoqda. Koronavirus jahon iqtisodiyotiga katta zarar keltirmoqda. Mamlakatimizda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish boʻyicha davlatimiz rahbari boshchiligida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Yurtimizda kasallikka chalingan insonlar hayotini saqlab qolishga eng birinchi navbatdagi muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Bu nihoyatda dolzarb va har bir fuqaro hayotiga daxldor masalaga qancha mablagʻ evaziga boʻlsada dori-darmon va hatto chet ellik taniqli shifokorlar jalb etilayotgani odamlarimiz koʻngliga taskin bagʻishlayapti va malham boʻlyapti. Sogʻayib chiqayotgan yurtdoshlarimiz barcha eʼtibor, yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbari va qoʻli yengil shifokorlarimizga cheksiz minnatdorlik izhor etmoqda. Quvonchlisi shundaki, odamlarimizda bu kasallikni yengish mumkinligiga qatʼiy ishonch paydo boʻlyapti. Davlatimiz va shifokorlarimiz oʻz vazifalarini sidqidildan amalga oshiryapti.
Men masalaning boshqa, sizu bizga, hammamizga bevosita daxldor jihatiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Barchamiz belgilangan karantin qoidalari, shaxsiy gigiyena talablari, shifokorlar maslahatlariga qatʼiy amal qilish orqaligina bu ofatni yenga olamiz.
Prezidentimizning koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha 3-aprelda oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida xalqimizga qilgan murojaatida taʼkidlagan: “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʻradi. Ammo shu sinovli damlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak.
Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, oʻzimiz masʼulmiz” degan soʻzlari har birimizni oʻta hushyorlikka daʼvat etib, kundalik faoliyatimizda amaliy dastur boʻlishi lozim.
Hayot davom etaveradi. Karantin davrida joylardagi mahalliy hokimiyat va boshqa mutasaddi tashkilotlar bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, xalqimizni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrmoqda. Ish faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan tadbirkorlarga katta imtiyozlar berilmoqda, hozirgi murakkab vaziyatda davlatimiz va hukumatimiz xalqimizga gʻamxoʻrlik koʻrsatayapti.
Prezidentimizning yaqinda imzolagan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni buning yaqqol isboti boʻla oladi. Bu tarixiy hujjat koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini taʼminlash, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Farmonga muvofiq, avvalo, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qoʻllab-quvvatlanadi. Eng muhimi, yosh bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa va moddiy yordamlar toʻlash muddati yana olti oyga tanaffussiz davom ettirilishi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironlar karantin davrida qoʻshimcha bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan taʼminlanishi belgilangan.
Xalqimizning ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirish uchun 2020-yil oxirigacha un, oʻsimlik yogʻi, goʻsht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi 20 turdagi asosiy isteʼmol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz soligʻi undirilmaydi. Pandemiya ishlab chiqarish faoliyati, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalari izdan chiqishi, narx pasayishi va konyunkturaning yomonlashuvini keltirib chiqarishi tabiiy. Bu xatarlar, shak-shubhasiz, yurtimizning iqtisodiyot tarmoqlariga ham taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi. Farmonda ularning oldini olishga qaratilgan koʻplab imkoniyat, imtiyozlar koʻzda tutilgan.
Respublikamiz iqtisodiyotida muhim oʻringa ega boʻlgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida xatarlarga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilmoqda. Korxonaning barcha boʻlinmalari bir maromda ishlashini taʼminlash, rejalarni oʻz vaqtida bajarish, ishchi-xodimlarimizni pandemiyadan asrash borasida yetarli kuch, zarur vositalar va imkoniyatlarga egamiz. Ayni paytda ishlab chiqarish surʼati kechayu kunduz davom etmoqda.
Bugungi sinovli kunlarda koʻzlagan maqsadga erishish uchun hammamiz yana-da jipslashib, masʼuliyatni zimmamizga olib, epidemiyaga qarshi birgalikda kurashishimiz talab etiladi. Barchamiz yakdil, bir-birimizga yelkadosh boʻlsak, albatta bu sinovlardan eson-omon oʻtamiz.
Quvondiq SANAQULOV,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.