Yadro quroli ko‘payishdan to‘xtagani yo‘q
Yaqinda Pentagon AQSH Kongressiga taqdim etilgan XXRning harbiy qudrati haqidagi yillik hisobotini e’lon qildi. Hujjatda Xitoy 2030 yilgacha mingdan ortiq yadro kallagini joylashtirishga qodir, deya taxmin qilinmoqda. Vashington fikricha, hozir ushbu Osiyo mamlakati yadro zaxirasida 600 dan ko‘p jangovar kallak mavjud.
Xitoy yadro arsenali hajmi allaqachon “strategik muhitni tubdan o‘zgartirgan”. Bu haqda AQSH Prezidenti milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Jonatan Fayner ma’lum qildi.
– O‘z yadro zaxirasi hajmini qay darajaga yetkazishga intilishidan qat’i nazar, Xitoy allaqachon strategik muhitni tubdan o‘zgartirish darajasiga yetdi, – dedi u Vashingtondagi Karnegi jamg‘armasida bo‘lib o‘tgan konferensiyada. – Demak, dunyo yadroviy kuchlari, jumladan AQSH tomonidan chuqurroq hamkorlik va muhokama talab qiladi. Shu sababli, biz XXR bilan bevosita hamkorlik qilishga harakat qilyapmiz.
Oq uy vakili ta’kidlashicha, Xitoy yadroviy xavfsizlik sohasida eng katta xavf tug‘diradigan davlatlar ro‘yxatida yuqori o‘rinni egallaydi. Muddati tugab borayotgan Amerika ma’muriyati bu davlat bilan raqobatni mas’uliyat bilan boshqarishga intilmoqda. Bu esa strategik tiyib turishni anglatadi.
AQSH harbiy departamenti hisobotida aytilishicha, Xitoy xalq ozodlik armiyasi dengiz qo‘shini dunyodagi eng yirik flotga aylandi. Pekin harbiy ehtiyojiga o‘zi tan olganidan ko‘ra 40-90 foiz ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Pentagon XXR “dunyoda yetakchi” giper tovushli qurol zaxirasi yaratgani, 2030 yilgacha 1000 dan ortiq yadro kallagi joylashtirishga qodirligini ta’kidlaydi.
Xitoy tomoni AQSHning bu hisobotiga shunchaki harbiy sohada yetakchilikni saqlab qolish uchun aytilayotgan quruq gaplar, deb qaramoqda. Masalan, XXR Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian bu hujjatni “AQSH harbiy gegemonligini saqlab qolish uchun bir bahona” dedi. Mulozim ta’kidlashicha, Xitoy butun dunyo bo‘ylab barqarorlik va taraqqiyotga ko‘maklashuvchi tinchlikparvar kuch bo‘lishga ahd qilgan.
Hozir 9 davlat yadro klubiga a’zo: AQSH, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil. Qaysi davlatda qancha jangovar kallak borligi haqida aniq ma’lumot yo‘q, chunki davlatlar bunday ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka harakat qiladi. Shu bois xalqaro tashkilotlar ayni vaziyatga taxminiy baho beradi. Masalan, Isroil mazkur masalada shaffof siyosat olib bormaydi. Ya’ni, haligacha yadro quroli borligini tasdiqlamagan va rad ham etmaydi. Ekspertlar taxminicha, mamlakatda 90 ta jangovar kallak bo‘lishi mumkin. Shimoliy Koreya esa 2005 yil yadro quroli yaratish dasturi ishlab chiqqanini ochiq-oydin bildirdi va 2022 yilda o‘zini yadro qudratiga ega davlat, deb e’lon qilgan.
AQSH olimlari federatsiyasi hisobotida 2022 yilgacha dunyo bo‘ylab yadro kallaklari soni 12 700 donaga yetgani aytilgan. Shuning 9 400 tasi harbiy omborlarda saqlanadi. Qolganlari foydalanishdan chiqarilgan, lekin haliyam yo‘q qilinmagan.
Omborlardagi kallaklarning taxminan 3 730 donasi tezkor kuchlar tarkibi ixtiyoriga berilgan. AQSH, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniga qarashli taxminan 2 000 jangovar kallak yuqori tayyorgarlik holatida saqlanmoqda va istalgan vaqtda foydalanish uchun shay qilib qo‘yilgan.
Yer yuzidagi eng yirik yadro zaxirasi Rossiya va AQSHga tegishli. RFdagi mavjud 5 377 dona jangovar kallakning 1 500 tasidan foydalanilmaydi yoki yo‘q qilinishini kutyapti. 5 428 kallakka egalik qilayotgan AQSH esa taxminan 1720 donasini qo‘llanadigan ro‘yxatdan chiqargan yoki yo‘q qiladi.
Xullas, xalqaro hamjamiyat global xavfsizlikni ta’minlash sayyoramiz kelajagi uchun juda muhimligini chuqur anglagani sari bu muammo yanada dolzarblashmoqda. Qolaversa, keyingi yillarda dunyoning turli hududlarida urush o‘choqlari paydo bo‘lishi ayrim davlatlarning yadro quroliga ega bo‘lish istagini kuchaytirmoqda. Hozirgi fan va texnologiya taraqqiyoti shiddati nuqtai nazaridan bunday noxush orzuni amal oshirish juda ko‘p mamlakatlar uchun cho‘t emas. Dunyo ahlining xavotiri ham shundan, aslida.
S.Rahimov,
O‘zA