Yadro fizikasi institutiga sayohat
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti respublikamiz va Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik ilmiy tekshirish maskani hisoblanadi. Institutning ilmiy bo‘linmalari hamda tadqiqot yadro reaktori, siklotron, elektron tezlatgichi, gamma qurilmasi va neytron generatori kabi noyob ob’ektlari bazasida hozirgi zamon fan va texnikasining istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olgan ilmiy tadqiqotlar, jahon bozor talablariga javob beruvchi import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar, buyum va asbob-uskunalar ishlab chiqarishga qaratilgan fundamental va amaliy izlanishlar olib boriladi.
Muassasa tashkil etilganligining 65 yilligi munosabati bilan muassasaga OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab press-tur ishtirokchilari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi va unda institutning asosiy faoliyat yo‘nalishi, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot berildi va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Shundan so‘ng, OAV vakillari muassasaning eng asosiy ilmiy ob’ekti hisoblangan VVR-SM tadqiqot yadro reaktori ish jarayoni bilan tanishtirildi. Mazkur reaktor hozir 8 MVt quvvat bilan ishlab turibdi va u yadro fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, radiatsiyaviy materialshunoslik, yadroviy tibbiyot, radiokimyo va aktivatsiyaviy tahlil sohasida ilmiy tadqoqotlar o‘tkazish hamda radioizotoplar olish texnologiyalarini ishlab chiqishda qo‘llaniladi.
So‘ngra ishtirokchilarga institutning yana bir muhim ob’ekti – Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Gamma qurilmasi ish faoliyati yaqindan tanishtirildi. Bu qurilmada materialshunoslik, biologiya, kimyo, tibbiyot, farmatsevtika sohasida tadqiqotlar o‘tkazish imkoni mavjud. Shuningdek, bu qurilma yordamida qishloq xo‘jaligi va respublika korxonalari hamda tashkilotlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va materiallarga radiatsion ishlov berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, rentgen nurlari sochilishiga asoslanib ishlaydigan zamonaviy difraktometr hamda elektron mikroskopining qo‘llanilish sohalari bilan ham tanishtirildi.
D. Mamatova, O‘zA