“Yabloko” partiyasi saylovdan chetlashtirildimi?
Rossiyada dastlab “Yabloko” partiyasiga Davlat Dumasi saylovida ishtirok etishga ruxsat berilgan edi, ammo 12 kundan keyin Oliy sud jamoa federal ro‘yxati rasmiylashtirilishini bekor qildi.
Bu holatning rasmiy sababi sifatida ijtimoiy tarmoq orqali xorijiy qo‘llab-quvvatlov, qarshi da’vo, partiya bilan bog‘liq shaxslar tomonidan chet eldan mablag‘ olinishi va mualliflik huquqi buzilishi ko‘rsatilmoqda. Tabiiyki, sud qarori ayrim siyosiy doiralarda savol tug‘dirmoqda, chunki Markaziy saylov komissiyasi ilgari “Yabloko”ning 269 nomzoddan iborat ro‘yxatini bir ovozdan rasmiylashtirgan va allaqachon byulletenga joy olingan edi.
Muxolif siyosatchilar va tahlilchilar fikricha, partiya jarayondan chetlatilishi ortida rasmiylarning saylov oldidan mazkur guruhni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi ortib borayotgani haqidagi xavotiri bo‘lishi mumkin.
Avvallari partiya 1-2 foiz atrofida ovoz olardi va bu daraja Kremlni xavotirga solmas edi. Shu bois dastlab Sergey Kiriyenko boshchiligidagi Prezident ma’muriyatining ichki siyosiy guruhi bu gal ham natija shundan oshmasligiga umid qilgan, shekilli.

“Verstka” nashri Markaziy saylov komissiyasi va Prezident ma’muriyatiga yaqin manbalarga tayanib, bu qaror yopiq so‘rov “Yabloko” reytingi 9,3 foizga chiqib ketganini ko‘rsatgandan keyin qabul qilinganini yozdi. Agar partiya kamida shuncha ovoz qo‘lga kiritsa, Dumadan o‘rin olish imkoni paydo bo‘ladi.
Umuman, Federal xavfsizlik xizmati kabi idoralar avvaldan mazkur partiya ro‘yxatdan o‘tishiga qarshi chiqqan.
Jamoa obro‘si ortishi xorijdagi Rossiya muxolifati tomonidan qo‘llab-quvvatlanish va keng ko‘lamli onlayn blogerlik kampaniyasi bilan bog‘liqligi ham taxmin qilinyapti. Aksincha, rasmiylar va xavfsizlik kuchlari tomonidan kuchaytirilgan bosim aks samara bergan va partiya uchun reklama bo‘lib xizmat qilgan.
S.Rahimov, O‘zA