XVJ Yaqin sharqdagi mojaro sharoitida global iqtisodiy prognozni pasaytirdi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2026-yil uchun taqdim etilgan global iqtisodiy o‘sish prognozini qayta ko‘rib chiqib, Yaqin Sharqda uzoq davom etishi ehtimoli mavjud mojaro va energiya narxi yanada oshishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
XVJ Jahon iqtisodiyoti istiqboli hisoboti orqali mintaqada harbiy mojaro boshlangandan beri iqtisodiy vaziyat yomonlashganiga urg‘u bergan. Ziddiyat yanada avj olsa, “misli ko‘rilmagan energiya inqirozi” xavfi yuzaga kelishi mumkin.
CNN telekanali xabarida aytilishicha, yangilangan hisobotga ko‘ra, 2026-yil global o‘sish yanvar oyidagi taxmindan 0,2 foiz kam – 3,1 foizni tashkil qiladi. Global inflyatsiya bu yil 4,4 foizga yetishi mumkin.
Neft va gaz narxi keskin ko‘tarilib, uzoq vaqt yuqori darajada saqlanib qolishi ehtimoli ham bor. Bunday muqobil ssenariyda global iqtisodiy o‘sish 2 foizgacha pasayishi kutiladi. XVJ mazkur daraja global retsessiyaga yaqinligini ta’kidlamoqda. Jamg‘arma ma’lumotida global iqtisodiyot ayni darajaga tushishi 1980-yildan buyon atigi bir necha marta kuzatilgani ham qayd etilgan.
S.Rahimov, O‘zA