Xususiy veterinariya sektorini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisining Veterinariya va hayvonlar salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari Furqat Jalilov BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari Nadav Galon va Orr Rozov bilan uchrashdi.
Muloqotda veterinariya xizmatlari tizimida xususiy veterinariya sektorining joriy holati va salohiyatini baholash, shuningdek, kelgusida xususiy veterinariya amaliyotini tizimga keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur baholash ishlari FAOning Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi orqali pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob choralarini kuchaytirish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Xalqaro tajriba va ekspert baholari O‘zbekistonda veterinariya xizmatlari tizimini takomillashtirish, xususiy veterinariya sektorining salohiyatidan samarali foydalanish va xizmatlar sifatini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuvda Qo‘mita tomonidan FAO ekspertlarining baholash ishlari va ular asosida ishlab chiqiladigan xulosalar muhim amaliy asos sifatida ko‘rib chirilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda mamlakatimizda qariyb 2 500 ta xususiy veterinariya sub’ekti faoliyat yuritib, hayvonlarni davolash, laboratoriya va boshqa veterinariya xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Veterinariya dori vositalarini realizatsiya qiluvchi dorixonalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, uchrashuvda veterinariya sohasi uchun yosh va malakali mutaxassislarni qishloq hududlariga jalb qilish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish hamda qo‘shimcha xarajatlarni qoplash mexanizmlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Veterinariya ta’limi yo‘nalishida esa oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining amaliy ko‘nikmalarini kuchaytirish, soha ehtiyojidan kelib chiqib yetarli miqdorda malakali kadrlar tayyorlash zarurligi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi tizimini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish, qishloq hududlarini mutaxassislar bilan ta’minlash, xususiy sektorni rivojlantirish va xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirish muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA