Xususiy sektor – farovonlikning muhim omili
Termizda kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlikni yanada rivojlantirishda partiya deputatlik korpuslari bilan o‘zaro hamkorlikning ustuvor masalalari mavzusiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Termizda kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlikni yanada rivojlantirishda partiya deputatlik korpuslari bilan o‘zaro hamkorlikning ustuvor masalalari mavzusiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhi vakillari, tadbirkorlar, fermerlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Tursunov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal- demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni A.Narzullayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotimiz taraqqiyotidagi rolini yanada oshirish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida 10 ming 511 kichik biznes subyekti, 6 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning dastlabki choragida xususiy korxonalar 520 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqardi. 255,6 milliard so‘mlik qurilish ishlarini bajardi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 57,4 foizga yetdi. 460 tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 5 ming 596 yangi ish o‘rni yaratildi. Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 176,6 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Fermer xo‘jaliklari paxta va oziq-ovqat ekinlarini parvarishlash, meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirish va uni eksport qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Tadbirda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarining xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlarining bajarilishi, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etish borasida davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari tahlil qilindi.
– Bu borada tashkiliy-huquqiy mexanizmni takomillashtirish, davlat tuzilmalari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni muhim huquqiy asos bo‘lmoqda, – deydi xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Dilbar Suvonova. – Shunga muvofiq, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari a’zolari mutasaddi tashkilotlarga 144 deputatlik so‘rovi bilan murojaat etdi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari majlislarida 82 mansabdor shaxsning hisobotlari eshitildi. Doimiy komissiyalar yig‘ilishlariga 30 ga yaqin taklif kiritildi.
Tadbirda partiyaning dasturiy maqsadlarini amalga oshirish, elektorat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, joylarda kuchli deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yuzasidan fikr almashildi.