Xususiy korxona mahsulotlariga talab ortmoqda
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Stell Roof Desk” xususiy korxonasida profnastil, tunuka mahsulotlaridan metall konstruksiyalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani bois, xaridorlar soni koʻpayib bormoqda.
Mazkur korxonaning yillik daromadi 3 milliard soʻm boʻlib, tayyorlanayotgan mahsulotlardan Toshkent va Nurafshon shaharlaridagi qurilish obyektlarida keng foydalanilmoqda.
– Pandemiya boshlangan paytdan hozirga qadar ham jamoamizda ish toʻxtagani yoʻq, – deydi korxona rahbari Shavkat Tursunov. – Karantin talablari asosida ish jarayoni tizimli asosda tashkil etilgan. Bugungi kunda binolarning tom qismini yopish uchun ishlatiladigan 20 turdan koʻproq tunukadan qurilish materiallari ham ishlab chiqarayapmiz. Eng asosiysi, ularga viloyatning barcha hududlarida talab bor.