Xususiy biznesga yangi imtiyozlar beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Abduhakim Eshmuratov Qiziriq tumanidagi madaniyat uyida saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda mahalliy kengash deputatlari, hudud faollari, faxriylar, xotin-qizlar va yoshlar, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ishonchli vakil dastlab saylovchilarni nomzodning saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishtirdi. Dasturdagi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi. Belgilangan barcha vazifalar yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yangi O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinib, yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch barobar ko‘paytirildi. Konstitutsiyaviy qoida va talablardan kelib chiqib, adolatli ijtimoiy siyosatni yuritish – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy omillaridan biri etib belgilangan. Shunga muvofiq birinchi maqsaddagi vazifalar ta’lim, tibbiyot va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha davlat o‘z majburiyatlarini bajarishi mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik yanada rivojlantirilib, yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu boradagi ishlar tadbirkorlar sonining yil sayin o‘sib borishi uchun qulay muhit yaratdi. Bu jarayonda odamlarning yana ham to‘kin yashashi uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda qo‘shimcha imtiyozlar berilishi kutilmoqda.
Dasturda belgilanganidek, kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi qat’iy kafolatlanadi. 2024 yildan boshlab, yangi uy-joy sotib olgan aholiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytariladi. Ijtimoiy reyestrga kirgan aholini ishga olgan korxonalarga xodimining daromad solig‘i qaytariladi.
Vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati bir kun etib belgilanib, ularda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi va davlat xaridlarida ustunlik beriladi.
Uchrashuvda saylovoldi dasturidan o‘rin olgan kambag‘allikni qisqartirish, aholi salomatligini saqlash va ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar xususida ham atroflicha fikr almashildi. So‘zga chiqqan partiya faollari barchani Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri