Xususiy aviakompaniyaning ilk parvozi Xorazmga bo‘ldi
O‘zbekistonning ijobiy imiji, turistik salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, aholining transport xizmatiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, mamlakat havo transporti tizimida monopoliyaga barham berish maqsadida ushbu sohaga xususiy sektorni ham jalb etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Kuni kecha Urganch xalqaro aeroportiga ana shunday xususiy kompaniya Panorama Airways o‘zining birinchi yo‘lovchi reysini amalga oshirdi.
Mamlakatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda xususiy sektorning rolini oshirish, barcha tarmoq va sohalarda xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim rol o‘ynaydi. Bortida 144 yo‘lovchisi bo‘lgan Aerobus A320 havo kemasi mahalliy vaqt bilan soat 21:50 da Toshkentdan ko‘tarildi va 23:00 da Urganch xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
– Xususiy kompaniyalar yo‘lovchi tashish samolyotlarining tizimga qo‘shilishi sohadagi monopoliyani yo‘qotadi, - deydi viloyat transport boshqarmasi havo transporti bo‘limi boshlig‘i Allanazar Soburov. – Mamlakatimizda turizm rivojlanishiga xizmat qiladi. Biz shu kunga qadar yo‘lovchilar uchun chiptalar yetishmovchiligidan juda qiynalardik. Endilikda xususiy sektorning aviareyslari qo‘shilsa bu kabi muammolar o‘z yechimini topadi. Shuningdek, Xorazm turistik viloyat, bu yerga sayyohlar asosan havo transporti orqali keladi. Ularning soni yana ortishda davom etmoqda. Shuning uchun yangi aviakompaniyaning ilk parvozi Urganch shahriga bo‘lgani maqsadga muvofiq bo‘lgan.
Xorazm viloyatining havo darvozasida tijoriy parvozning ilk yo‘lovchilari va ekipaji munosib kutib olindi.
– Parvozimiz taxminan 1 soat davom etdi, - deydi yo‘lovchi Denis Ikonovenko. – Uchish va qo‘nish jarayonlari ham muvaffaqiyatli, yengil amalga oshirildi. Ekipaj a’zolari, qizlar barchasi xushmuomala va shirinso‘z ekan, xizmatlari a’lo darajada. Xorazmliklar bizni juda iliq kutib oldi. Mehmondo‘st insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
2021 yilda tashkil etilgan xususiy aviakompaniya O‘zbekiston ichkarisida shuningdek, BAA, Isroil, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yo‘lovchi havo tashishlarini amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Aviakompaniyaning navbatdagi parvozi 23 dekabr kuni Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi.Transport tizimida amalga oshirilayotgan bu islohotlar viloyatimizning ham ijobiy imijini, turistik salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, aholining transport xizmatiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.
<iframe width="1519" height="585" src="https://www.youtube.com/embed/_Ur4kjV-_Xo" title="Xususiy aviakompaniyaning ilk parvozi Xorazmga bo‘ldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, O‘zA