Xovosda yangi agroindustrial park tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi doirasida qator soha va yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi va kelishuvlarga erishildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham ko‘plab muhim loyihalar yuzasidan bitimlar imzolandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazir Aziz Voitovning «CITIC Construction» kompaniyasi prezidenti Yao Tang bilan uchrashuvi samarali kechdi. Asosiy faoliyati qurilish, bunyodkorlik va loyihalash bo‘lgan ushbu kompaniya O‘zbekistonda bir necha yillardan beri samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Vazir hamda kompaniya prezidentining uchrashuvi chog‘ida umumiy qiymati 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida O‘zbekiston-Xitoy agroindustrial parki — agrologistika, qayta ishlash, sug‘orish texnologiyalarini ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Loyihaning birinchi bosqichida Xovos tumanida agrologistika markazi va yirik omborxonalar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘z navbatida, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saralash, saqlash va eksport qilish imkonini kengaytiradi. Ayni markaz orqali Xitoyning o‘ziga ham mahsulot jo‘natishning yangi imkoniyati tug‘iladi. Bunda mahsulotlarni fitosanitar qoidalar asosida eskportga yo‘naltishi, ushbu davlat karantin talablaridan kelib chiqqan holda meva-sabzavotlarni kimyoviy hamda mahalliy o‘g‘itlashda me’yor talablariga rioya qilish kabi qator masalalarni o‘z ichiga oladi.
Kompaniya vakillari keyingi oydan boshlab O‘zbekistonga tashriflarini amalga oshirib, amaliy ishlarni boshlash choralarini ko‘radi. Bunda kompaniya prezidenti boshchiligidagi katta guruh mamlakatimizda bo‘lishi hamda kelishuv bo‘yicha lozim chora-tadbirlar ko‘lamini aniqlashga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida mazkur loyiha bo‘yicha memorandum imzolandi.
M.Komilova,
O‘zA