Xovosda "Mahallalar bog‘i" tashkil etildi
Prezidentimizning "Yashil makon" umummilliy loyihasi tashabbusi Sirdaryoda ham tobora quloch yozmoqda. Barcha tuman va shaharlarda bo‘lgani kabi viloyatning chekka, bir tomoni qo‘shni Tojikiston Respublikasi, bir tomoni Jizzax viloyatining Zomin tumaniga tutash bo‘lgan Xovos tumanida har yilgiga qaraganda bu yil ancha ko‘p mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Bu xayrli yumushlarning bajarilishiga tumandagi tashkilotlar xodimlari, aholi vakillari qatori viloyatdagi jamoat tashkilotlarining ishchi- xizmatchilari ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shishdi.


Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan Xovosda ham "Mahallalar bog‘i" tashkil etildi. 1,5 gektar yer maydoniga tuman iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali ko‘chat hamda qalamchalar ekildi.
–Xovos tumanida bo‘lgani kabi "Mahallalar bog‘i" boshqa tuman va shaharlarda ham tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Hotamov. –O‘ylaymanki, ushbu boqqa ekayotgan navnihollar ertaga katta daraxtga aylanib, nafaqat Xovos tumanini, viloyatning boshqa hududlarini ham yashillikka burkaydi. Havoning musaffo bo‘lishiga, ekologik ahvolimizning yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.


–Bilasizmi, farzand tug‘ilganda, yangi uy qurilganda yaxshi niyat bilan ko‘chat ekiladi. Biz ham shu niyatda ko‘chat ekyapmiz. Ertaga unib-o‘sib katta bir daraxtga aylanib, chor atrofni yashillikka burkashi barobarida Xovosning hozirgidan-da chiroyli va ko‘rkam bo‘lishiga hissa qo‘shadi,–deydi mehnat faxriysi Sherbo‘ta Pirimqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri