Xotirjamligini 1,6 million so‘mga almashgan kimsa...
Giyohvand moddalar kishi umrini xazon qilib, oilani barbod etishi – haqiqat.
Giyohvand moddalar kishi umrini xazon qilib, oilani barbod etishi – haqiqat. Zahri qotilning noqonuniy aylanmasiga qo‘l urish esa jinoyat hisoblanadi. Buni Buxoro viloyatining Jondor tumanida yashovchi fuqaro M.I.yaxshi bilardi.
Ammo bu kimsa qing‘ir ishdan o‘zini tiya olmadi. Uning uchun eng muhimi, cho‘ntakka mo‘may pul tushsa, bas. Boshqasi bilan ishi yo‘q. Nafs degan balo aqldan judo qilgan ekan uni...
Buxoro shahri ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchiga bo‘lgan shubha tasdig‘ini topdi. M.I.nazorat tariqasida giyohvandlik vositalarini sotib olish uchun yuborilgan fuqaro B.Q.ga shahar hududida sof vazni 10,3 grammdan ziyodroq bo‘lgan “marixuanna” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotdi. Kelishuvga muvofiq, 1,6 million so‘m hamyonga tushdi. Ammo...
Xullas, voqeaning nihoyasi buzoqning yugurgani somonxonagacha, degan gapni eslatdi. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda giyohvandfurushga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273 -moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.