Xotira muqaddas – qadr abadiy
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Bugun Sirdaryo viloyati markazi – Guliston shahridagi “Yurt bayrog‘i” markaziy maydonida 9 may – Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan bayram tantanalari tashkil etildi.
Tantanada Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, tuman, shahar hokimlari, sektorlar, mutasaddi tashkilotlar, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, harbiylar, urush va front orti mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlar, o‘quvchi, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etilib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
So‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Viloyat hokimi G‘.Mirzayev Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshtirdi.
Harbiy orkestr ijrosidagi marsh sadolari ostida viloyatdagi “n” harbiy qism DXXga qarashli chegara qo‘shinlari, viloyat IIBga qarashli maxsus topshiriqlar otryadi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasining askar, serjant va ofitserlarining bayram sharafiga harbiy paradi tashkil etildi.
Yig‘ilganlarga “n” harbiy qism, Milliy gvardiya va IIB maxsus otryad harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘l jangi usullari, maxsus operatsiyalar jarayonlari namoyish etildi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining harbiy texnikasi va qurol-aslahalari namoyish etildi.
Tadbirga kelganlar urush yillarini esga soluvchi harbiy chodirlarda bo‘lib, o‘sha yillarga xos qurol-aslahalar, harbiy formalarini tomosha qilib, hatto askarlar bo‘tqasining mazasini tatib ko‘rdi.
Tadbirlar Guliston shahridagi “Istirohat bog‘i”da davom etdi.
Madaniyat va istirohat bog‘ida Sirdaryo viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan urush yillari aks ettirilgan badiiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Bayram tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida qizg‘in davom etmoqda.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA