Xotira muqaddas, inson aziz
9 may – Xotira va qadrlash kuni
9 may – Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi bayrami Orolbo‘yida ham keng nishonlanmoqda.
Bayram tadbirlari erta tongdan Nukusdagi «Istiqlol» bolalar dam olish markazida boshlandi. Bu yerda davlatimiz rahbarining bayram ishtirokchilari, nuroniylar bilan videoaloqa orqali muloqoti tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Joylarda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlariga davlatimiz rahbarining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan bir martalik pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Nukus shahridagi Xotira xiyobonidagi “Motamsaro ona” haykali poyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondonligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari guldastalar qo‘ydi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida harbiylar, huquqni muhofaza qilish organlari jangovar qo‘shinlari maydon bo‘ylab tantanali saf tortib o‘tdi. Urush yillari harbiy mashinalari, qurol-aslahalari, Qurolli Kuchlarimizning bugungi qudratini ko‘rsatuvchi zamonaviy texnikalar namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, birgina Qoraqalpog‘istondan 66 mingdan ortiq vatandoshimiz frontga ketgan. Ulardan 34 mingdan ziyodi jang maydonlarida mardlarcha halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan. Frontga yuborilgan 14 mingdan ziyod jangchi jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari – unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan.
Qoraqalpog‘istonning 20 mingdan ziyod fuqarosi urush yillari front ortida sanoat, kon-metallurgiya shaxtalari hamda mamlakatimizning sanoat muassasalarida jonbozlik ko‘rsatgan. Jami 75 400 nafardan ortiq qoraqalpog‘istonlik yigit-qiz frontga yordam berish uchun mehnat qilgan.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Bayram tadbirlari Orolbo‘yining shahar va tumanlarida davom etmoqda.
[gallery-2354]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA