Xotira: ilm va ijodga baxshida umr
Andijon viloyati Bo‘ston tumani Navoiy qishlog‘ida adib va jurnalist Mirzakarim Pirmatov va u kishining turmush o‘rtog‘i, shoira Mukarrama Murodova xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilar, ayniqsa 24 – umumta’lim maktabi o‘quvchilarida katta taassurot qoldirdi.
O‘zbek jurnalistikasi tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan taniqli ijodkor Mirzakarim Pirmatovning Nodirabegim haqidagi “Mohlaroyim” romani, “Yulduzlar jilmayadi”, “Ibrohim Eshonxo‘jayev”, “Qalbimni ochay sizga”, “Birinchi sekretar”, “Xayol qushi”, “Munavvara ertaklari yoki No‘xatpolvonning sarguzashtlari” to‘plamlari, shoira Mukarrama Murodovaning “Seni kuylayman”, “Yorug‘ kun”, “Bahor”, “Svetok”, “Olovgul” kabi she’riy to‘plamlarini adabiyot ixlosmandlari juda yaxshi biladi.

Shoira Mukarrama Murodova rahbarligida tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlarining “Shu’la” adabiy to‘garagi o‘tgan asrning saksoninchi yillarida poytaxt adabiy muhitida o‘ziga xos ijod maktabi vazifasini o‘tagan, nafaqat yosh ijodkorlar, balki katta adabiyot ahlini ham o‘ziga jalb eta olgan bu to‘garak betakror davralari-yu, fayzli uchrashuvlari, “nafis majlislar” i bilan el og‘ziga tushgan. Ravshan Fayz, Chori Avaz, A’zam O‘ktam, Zamira Egamberdiyeva, Zafar Komilov, Faxriyor, Rauf Subhon, Xolmuhammad Hasan, O‘ktam Mirzayor, Abdumajid Azim, Zulfiya Mo‘minova, Mehriniso Qurbonova, Muhabbat Yo‘ldosheva, Zebo Mirzayeva, Turob Niyoz, Oynisa Shokirova, Mash’al Xushvaqtov kabi o‘nlab iste’dod sohiblarining kamol topishiga ko‘maklashgan edi...

Maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Sayyoraxon Ilyasova tashabbusi bilan tashkil etilgan bu xotirlash tadbiriga tuman maktablarining targ‘ibotchilari, marhumlarning yaqinlari taklif etildi.
Xotira tadbiri o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab o‘qilgan Qur’on tilovati bilan boshlandi. O‘quvchilar ijodkorlarning hayoti va bosib o‘tgan samarali ijod yo‘li borasida batafsil ma’lumot berishdi, she’rlarini yoddan o‘qidi, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Maktab direktori G‘ulomjon Ro‘ziyev, adibning ukasi Mirzarahim Pirmatov, qizlari Muharrama va Munavvara Pirmatovalar, jiyani Abdujalil Qurbonov hamda ijodkor-targ‘ibotchi Abdukarim Qurbonovning Mirzakarim aka va Mukarrama opaning kamtar va xokisor fe’li- atvori, bag‘rikengligi, xalqning yuragiga hamohang, zamon bilan hamnafas ijodlari borasidagi jonli xotiralari yig‘ilganlar qalbini to‘lqinlantirib yubordi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘z umrini ijodga bag‘ishlagan, el xizmatiga kamarbasta bo‘lgan Mirzakarim Pirmatov va Mukarrama Murodova xotirasiga bag‘ishlangan xotira tadbiri yig‘ilganlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Ma’rifat Qosimova,
filologiya fanlari nomzodi