Xotin-qizlarimiz imkoniyati yanada kengayadi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norbayeva “COVID-19 nuqtai nazaridan gender tenglik va xotin-qizlar huquqi hamda imkoniyatini kengaytirish akseleratori” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida onlayn ishtirok etdi.
T.Norboyeva “BMT-ayollar” tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirdagi ma’ruzasida ishtirokchilar e’tiborini pandemiyadan keyin tiklanish doirasida yangi avlodga doir siyosat, tengsizlik, zo‘ravonlikni bartaraf etish yo‘lidagi harakatlar va ayni yo‘nalishga investitsiya kiritish masalasiga qaratdi. O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xotin-qizlarning jamiyatdagi holatini yaxshilash, ularning mavqei va ijtimoiy integratsiyalashuvini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil tus olgan.
Xususan, qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni majburiy gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tatbiq etildi. 2022-2026 yillar uchun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishi sifatida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish masalalari belgilab berilgan. Xotin-qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ularni ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, xotin-qizlarga sog‘liqni saqlash xizmati sifatini oshirishiga qaratilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy dastur amalga oshirilmoqda.

Ayollarning huquqini targ‘ib qilish, imkoniyatini kengaytirish, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha davlat organi sifatida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Bu chora-tadbirlarning bari mamlakatimiz gender tenglik, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalariga sodiqligini tasdiqlaydi.
Davra suhbati doirasida qator xorijiy davlatlarning gender tenglik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari, ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ma’ruzasi ham eshitildi.
O‘zA