Xotin-qizlar tadbirkorligi yanada rivojlanadi
Asaka tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Andijon viloyati hududiy filiali, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi hamda Asaka tumani oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan seminarda tadbirkor ayollar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi hamda ijtimoiy reyestr va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-sentabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida tadbirkorlarni yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.


Mazkur farmon ijrosini ta’minlash, qolaversa, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan seminar ochilishida so‘z olgan Asaka tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shaxnoza Sotvoldiyeva va boshqalar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, xususan, opa-singillarimizning jamiyat ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi faolligini oshirish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
– Seminarning asosiy maqsadi ijtimoiy reyestr va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish, – deydi Asaka tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shaxnoza Sotvoldiyeva. – Shu orqali ularning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga ko‘maklashishdir.

Seminarda hamkor tashkilotlar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi”, Innovatsion rivojlanish agentligi hamda “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” aksiyadorlik jamiyatlari viloyat hududiy bo‘limlari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Asaka tuman kengashi mutasaddi va mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, biznes-loyiha ishlab chiqish, kredit olish, elektron auksionlarda ishtirok etish tartiblari hamda biznesni rivojlantirishning amaliy hamda boshqa jihatlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida mutasaddi va mutaxassislar ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari