Xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanmoqda
Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon, tashabbuskor ayollarning g‘oya va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasanachilik asosida yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon, tashabbuskor ayollarning g‘oya va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasanachilik asosida yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni hamda Birinchi Prezidentimizning 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bunda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar, oilaviy tadbirkorlar safi yildan-yilga kengaymoqda.
Andijon viloyatida 5 mingdan ziyod tadbirkor, hunarmand va kasanachi xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Tadbirkor xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularning huquqiy, iqtisodiy bilimini boyitish maqsadida turli tadbirlar, davra suhbatlari, o‘quv seminarlari o‘tkazilayotir. Biznesni tashkil etish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan zarur maslahatlar berilmoqda.
– “Mikrokreditbank”ning Asaka filialidan imtiyozli kredit olib, o‘zim yashayotgan mahallada tikuvchilik korxonasi tashkil etdim, – deydi Asaka tumani Bobur nomidagi mahallada yashovchi yosh tadbirkor N.Jo‘rayeva. – To‘n, chorsi singari milliy liboslar tikilayotgan korxonamizda 4 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda.
2016-yilning o‘tgan to‘qqiz oyida turli moliyaviy manbalar hisobidan 2 ming 835 tadbirkor ayolga va tarkibida 50 foizdan ziyod xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga 128 milliard 346 million so‘m kredit ajratildi. Xotin-qizlar uchun yaratilgan 25 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarining asosiy qismi aynan shu kreditlar hisobidan tashkil etildi.
– Mamlakatimizda biz, tadbirkorlarga keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda, – deydi Andijon tumanidagi “Agroprodukteksport agrofirmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari O.Saidova. – Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ham bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. Korxonamiz aholi, dehqon va fermer xo‘jaliklaridan meva-sabzavot xarid qilib, xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Mevani qishda ham aholiga sifatli va tabiiy xolda yetkazib berish, bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shish maqsadida “Xalq banki”ning Kuyganyor bo‘limidan 85 million so‘m kredit olib, 100 tonna sig‘imga ega muzlatgichni ishga tushirdik. Natijada 15 yangi ish o‘rni yaratildi.
Shahrixon tumanidagi “Inomjon Fayz” chorvachilik fermer xo‘jaligining sutni qayta ishlash korxonasida sut, qatiq, qaymoq, kefir, smetana kabi 12 turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Viloyat hokimligi ko‘magi bilan ajratilgan imtiyozli kredit hisobidan xo‘jalik Germaniya va Gollandiya davlatlaridan 200 bosh naslli qoramol keltirdi. Bu ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turini oshirish imkonini berdi. Mahsulotlar savdo tashkilotlari orqali aholiga yetkazib berilmoqda. 2017-yildan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlariga ham mahsulot eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
– Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida xo‘jaligimizda tikuvchilik sexi tashkil qildik, – deydi “Inomjon Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari O.Otaxonova. – Natijada xo‘jaligimiz ishchi-xizmatchilari 120 nafarga yetdi. Ularning aksariyati qishloq ayollari, kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlar.
Viloyatda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bitiruvchi qizlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida ta’lim muassasalarida seminar va uchrashuvlar, “Tadbirkor – elga madadkor”, “Mening biznes loyiham” singari qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu yil kasb-hunar kollejlarini bitirgan 363 qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 3 milliard 761 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
– “Mikrokreditbank”ning tuman bo‘limidan 6 million 500 ming so‘m imtiyozli kredit olib, uyda tikuvchilikni yo‘lga qo‘ydim, – deydi Andijon tumani maishiy xizmat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi U.Mirkomilova. – Ikki tengdoshim bilan buyurtma asosida bolalar va ayollar libosi, o‘quvchilar formasi tikmoqdamiz.
Korxona va mahallalarda kasanachilikni, ayniqsa, “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunarmandlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘plab uy bekalari, hunar o‘rganish istagidagi qizlar shu asosda kasb-hunarli bo‘lib, oilalariga qo‘shimcha daromad keltirayotir.
Bularning barchasi mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.