Xotin-qizlar salomatligi doimo e’tiborda
Buxorodagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Shahar ko‘p tarmoqli markaziy hamda 7-oilaviy poliklinikalari shifokorlari, Buxoro Tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari hamkorligida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda 307 nafar xotin-qizlar tekshiruvdan o‘tkazildi.

– Ayollar laborator - instrumental tekshiruvlardan o‘tkazildi, – deydi Buxoro shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Xushnud Jalilov. – Ularda jami 654 ta kasallik aniqlandi. Kasallik aniqlangan ayollarning 213 nafariga ambulator va 15 nafariga statsionar sharoitda davolanish tavsiya etildi. Tibbiy ko‘rik natijasida churrasi bo‘lgan 5 nafar ayollarni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi hamda 7 nafar ayolga Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy – amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida, 3 nafar ayolga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida davolanishlari bo‘yicha tegishli davolash-sog‘lomlashtirish rejalari tuzildi.

Shuningdek, tibbiyot xodimlari tomonidan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xususan jismoniy faollikni oshirish, muntazam ravishda har kuni ertalab va kechki ovqatdan so‘ng piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha batafsil tushuncha berildi.
Zarif Komilov, O‘zA