Xotin-qizlar pillachilikka o‘qitilmoqda (+video)
Toshkent davlat agrar universitetida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29 yanvardagi "Pillachilik sohasida ayollarni bosqichma-bosqich ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan xitoylik va vetnamlik hamkor mutaxassislar bilan birgalikda tashkil etilgan seminarda professor-olimlar, respublikamiz hududlaridan bosh pillakor agronomlar, klasterlar hamda kasanachilar ishtirok etdi.
Seminarda pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha xorijlik mutaxassislar tomonidan onlayn ma’ruzalar tinglandi.
Pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xonadonlarga tarqatilgan pillaning to‘g‘ri parvarishini yo‘lga qo‘yish, o‘rma tutzorlar tashkil qilish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tildi.
Shuningdek, pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalar asosida parvarishlashga jalb qilish, bu orqali pillachilikdan olinadigan daromad va mahsuldorlikni oshirish xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda qayd etilganidek, ushbu o‘quv-seminarlari joriy yilning fevral va mart oylarida 3 bosqichda, jumladan, respublika, viloyat va tuman bosqichlarida tashkil etiladi. Shuningdek, bu kabi seminarlar har chorakda o‘tkaziladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/IfzsajEoMgw?si=OLX7CbmLhnZQYFUS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulnoza Boboyeva,
Nishonboy Abduvoitov(video),
O‘zA