Xotin-qizlar muammolari o‘rganildi
Navoiy viloyati IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan mahallalarda “xonadonbay” ishlanib, asosiy e’tibor har bir fuqaro bilan yakka tartibda suhbatlashilgan holda ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganishga qaratilmoqda.
“Ijtimoiy profilaktika kuni” doirasida Navoiy viloyati IIB, mahallalar vakillari bilan hamkorlikda Karmana tumanidagi “Narpay” mahallasida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oilalar holidan xabar olib, ularga oziq-ovqat va boshqa kerakli vositalar ulashildi.
Tumandagi o‘zaro kelishmovchiligi bor oila viloyat IIB hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi xodimlari tomonidan muhokama qilinib, o‘zaro nizolar bartaraf etildi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayolga bir oy muddatga himoya orderi rasmiylashtirilib berildi. Shuningdek, Navoiy shahridagi “Lochin” mahallasida shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan oila vakillari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, mas’ullar ishtirokida oiladagi kelishmovchiliklarga sabab bo‘layotgan muammo muhokama qilindi.

Viloyat Ichki ishlar va Adliya boshqarmalari mas’ul xodimlari tomonidan oila vakillariga huquqiy tushuncha berilib, ularni qonuniy nikohdan o‘tishlari hamda ayolni ishga joylashtirish bo‘yicha takliflar berildi.
Bundan tashqari, inspektorlar tomonidan nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, tibbiyot xodimlari jalb qilingan holda tibbiy ko‘riklar tashkil qilinmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA