Xotin-qizlar jamiyat gultoji
Buxoroda “Jamiyat yuksalishida xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda olima, oqila, tadbirkor ayollar, ixtirochi xotin-qizlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari va mazkur mukofotga nomzodlarni saralash bosqichlarida ishtirok etgan qizlar hamda ularning onalari, shuningdek bir guruh faol va tashabbuskor yoshlar qatnashdi.
Tadbir Buxoro viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan Buxoro davlat universiteti hamkorligida o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, bu yilgi Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga davogarlardan 98 nafari viloyat bosqichida, 24 nafar qizlar respublika bosqichida ishtirok etgan. Ular orasidan fan va ta’lim yo‘nalishida birinchi bor buxorolik qizlar mukofotlandi.

Tadbirda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga da’vogar qizlarning salohiyatini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida ularga ustozlar biriktirildi.

–Mamlakatimizda o‘zining ibratli faoliyati va iqtidori bilan o‘rnak bo‘lib kelayotgan, turli sohalarda qobiliyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarayotgan, chuqur bilim va intellektual salohiyatini namoyon etib, muhim g‘oya va tashabbuslarni ilgari surayotgan, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgan xotin-qizlar soni ortib bormoqda, –deydi Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Feruza Ibragimova. –Ayniqsa, oxirgi yillarda jamiyatimizning yuksalishida xotin-qizlarning roli ortib bormoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun olima, oqila, tadbirkor ayollar, ixtirochi xotin-qizlarni har jabhada ko‘rish mumkin. Ular erkaklar bilan yelkama-yelka turib faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, tadbirda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, iqtidorlilarni kashf etishga qaratilgan “Olima va tadqiqotchi ayollar” hamda “Talaba qizlar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA