Xotin-qizlar IT sohasi bo‘yicha o‘qitiladi
Andijonda “Digital girls” loyihasi doirasida xotin-qizlar IT sohasi bo‘yicha tahsil oladi.
Mamlakatimizda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, xususan, Prezidentimizning yaqin yillar ichida O‘zbekistonda 1 millionta dasturchi tayyorlash borasidagi topshiriq va takliflari asosida Andijon viloyatida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi uch yil davomida “Andijan digital city” texnoparki tomonidan viloyatda IT yo‘nalishida 37 ta markaz tashkil etildi. Amalga oshirilayotgan qator loyihalar doirasida 1 ming 500 nafarga yaqin IT sohasi mutaxassislari tayyorlandi.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida viloyatda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida xotin-qizlarni raqamli ta’limga yo‘naltirish, ularni zamonaviy kasblarga tayyorlash, IT sohasidagi bilimlarini boyitish hamda masofadan turib daromad topish imkoniyatini yaratish maqsadida “Andijan digital city” texnoparkida “Digital girls” loyihasi doirasida o‘quv kurslari tashkil etildi.
– Loyihaning asosiy maqsadi, xotin-qizlarning axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va malakalarini yanada oshirish, xususan, SMM asoslari, grafik dizayn, 3D dizayn, dasturlash yo‘nalishlarida o‘qitish orqali ularni zamonaviy kasblarga o‘rgatishdan iborat, – deydi “Digital girls” loyihasi rahbari Dono Solijonova. – Loyiha doirasida 1- bosqichda 100 nafar opa-singillarimiz tahsil olsa, keyingi bosqichlarda qiziqish va talabdan kelib chiqib, ularning soni yanada oshiriladi.
Grant asosida tashkil etilgan mazkur o‘quv kursi xotin-qizlarni zamonaviy IT dasturlarni o‘rganish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga tegishli sertifikatlar topshirildi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA