Xotin-qizlar ishga taklif etildi
Termiz shahar hokimligi tashabbusi bilan bir guruh ishsiz xotin-qizlar “ZIF TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik korxonasiga tashrif buyurdi
Termiz shahar hokimligi tashabbusi bilan bir guruh ishsiz xotin-qizlar “ZIF TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik korxonasiga tashrif buyurdi.
Bolalar hamda kattalar kiyimlari, jinsi shim va boshqa tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladigan mazkur korxonada 600 dan ziyod xotin-qiz mehnat qiladi.
Mehmonlar xorijning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan korxonadagi kiyim-kechaklarni bichish-tikish, dazmollash kabi ish jarayonlari bilan tanishdi. Bichuvchi, tikuvchi va boshqa yoʻnalishlarda mehnat qilayotgan opa-singillari bilan suhbatlashib, bu yerda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻrdi.
– Shaharda yengil sanoat rivojlanmoqda, – deydi Termiz shahar hokimi oʻrinbosari K.Ashurov. – Biroq doimiy ish bilan band boʻlmagan ayrim opa-singillarimiz bu korxonalarda faqat ip yigirish yoki bichish-tikishni bilish kerak, degan oʻy bilan ishga kirishga istihola qilayotgani kuzatilmoqda. Ayrimlari esa ish haqi kam degan xayol bilan uyda oʻtirishibdi. Shu bois ularni mazkur korxonalarga taklif etib, tikuvchi-bichuvchi, ip yigiruvchi va boshqa kasb egalari bilan yaqindan tanishtirish, ish jarayonlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrishini maqsad qildik. Shu yerning oʻzida mehnat yarmarkasi tashkil etib, boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishga taklif etdik.
Shu kuni ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlar viloyat markazidagi “Amudarteks” va “Shingdong spinning Termiz” qoʻshma korxonalarida ham boʻlib, ip yigiruv-toʻquv jarayonlarini koʻzdan kechirdi. Mehnat yarmarkasida ellikdan ortiq xotin-qiz mazkur korxonalarga ishga joylashdi.
– Kollejni tugatganimga ikki yildan oshdi, – deydi Termiz shahri Jome mahallasida yashovchi M.Jumayeva. – Oʻzimga munosib ish topolmay turgan edim. Ushbu tadbirda qatnashib, “ZIF TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyatining zamonaviy tikuvchilik korxonasida ishlash ishtiyoqi paydo boʻldi. Zamonaviy uskunalari ham, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlari ham menga juda yoqdi. Sexlar keng, toza, ozoda ekan. Oylik maoshi ham chakki emas. 8-mart arafasida ishga joylashganim men uchun bayramga katta sovgʻa boʻldi. Bundan behad baxtiyorman.