Xorijiy tillarni o‘rganishda yangi tizim
Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘rgatish, sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, darajali o‘qituvchilar soni o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 10 barobarga oshgan. Ayni paytda 101 nafar milliy S1, 19 nafar xalqaro darajadagi S1 sertifikatga ega o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, yoshlar orasida til o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib, yildan-yilga ularning soni yanada kengaymoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori bu borada katta ahamiyat kasb etmoqda.

– Hududlarda chet tilini o‘rganish muhitini yaratish, o‘qituvchilarning tilni bilish salohiyati va malakasini oshirish muhim vazifasi sifatida belgilangan, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzodjon Dolimov. – Viloyatda 4 ming 856 nafar chet tili fani o‘qituvchilari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning sifat tarkibi bo‘yicha tahlil qilinganda oliy toifali o‘qituvchilar soni 382, birinchi toifali o‘qituvchilar soni 925, ikkinchi toifali o‘qituvchilar soni 1514 nafarni tashkil qiladi. O‘qituvchilar o‘z kasbiy mahoratini oshirish bilan birga chet tilini bilish daraja sertifikatlarini qo‘lga kiritishlariga ko‘maklashish uchun ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun har juma, rus tili fani o‘qituvchilari uchun har seshanba kunlarida tayanch maktablarda trenerlar ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etildi. Viloyat xalq ta’limi tizimida 2021-2022 o‘quv yilida ingliz tili fanidan 90 ta, rus tilidan 50 ta tayanch maktab tashkil etildi. Nemis tili fani bo‘yicha 5 nafar trenerlardan iborat mobil guruhlar tuzildi va viloyatdagi 233 nafar nemis tili fani o‘qituvchilariga “ZOOM” platformasi orqali muntazam o‘quvlar tashkil qilinmoqda. Umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish maqsadida ilg‘or tajribalar yo‘lga qo‘yilyapti. Bu borada dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklar ta’lim tizimiga joriy etilmoqda.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan sohada o‘qitish samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etilib, «Xorijiy tillarni o‘rganish sohasini rivojlantirish maqsadida zamon talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy tillarni ommalashtirish va ilmiy tadqiqotlar sohasiga qaratilgan hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida»gi memorandumi imzolandi. Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda kelgusida bajarilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar mas’ul rahbarlar tomonidan belgilab olindi. Viloyatdagi ingliz tili fani o‘qituvchilarining chet tilini bilish C1 daraja sertifikatlariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish va ilg‘or tajribalarni o‘rganishlari maqsadida nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Farg‘ona shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 40-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan davlat umumta’lim maktabida Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, xalqaro toifadagi trener o‘qituvchisi Megan Frazer bilan uchrashuv o‘tkazildi. Xalqaro trener o‘qituvchisi loyiha doirasida o‘zining tilni o‘rganish bo‘yicha dasturi bilan ishtirok etdi hamda Britaniya menejment universitetida malaka oshirishga o‘qituvchilarni saralash uchun test jarayonlari o‘tkazildi.
Testda shahar va tumanlardan onlayn saralash bosqichidan 72 nafar ingliz tili o‘qituvchilari ishtirok etdi. bugungi kunda tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan 22 nafar o‘qituvchi universitetda bir oy davomida bepul tahsil olib, o‘z malakasini oshirdi. O‘qituvchilarga kurslarni tamomlaganliklari to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
M. Sulaymonov, O‘zA