Xorijiy tillarni o‘rganish: amaliyot va samara
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining viloyat hududiy vakilligi tashkil etildi.
Agentlikning asosiy vazifasi aholi orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va ularni mukammal o‘zlashtirish uchun zarur sharoit yaratish, xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish etib belgilangan. Hududlar, tarmoqlar va ta’lim muassasalarining xorijiy tillarni o‘zlashtirgan mutaxassislarga ehtiyojlarini tahlil qilish natijalari asosida talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarni o‘qitishni tashkillashtirish ustuvor maqsadlardan biridir.
[gallery-5394]
Xorijiy tillarni o‘qitish sohasida “bog‘cha – maktab – oliy ta’lim tashkiloti – korxona” tamoyilidagi uzluksiz ta’lim zanjirini joriy etish maqsadida aholining barcha qatlamlariga mos bo‘lgan tilni o‘rganish bo‘yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqish taqozo etilmoqda. Bu jarayonda xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, tilning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontent yaratilishini tashkil etish, davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish uslubiyotlarini yaratish hamda ushbu yo‘nalishda mutaxassislarning malakasini oshirishda ko‘maklashish kabi jihatlar ham e’tibordan chetda qolmagan. Shuningdek, hududlar, tarmoqlar, davlat organlari va ta’lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini yuritish, xorijiy tillarni o‘rganishni yanada ommalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
– Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv markazlari tashkil qilindi, – deydi Agentlik viloyat vakilligi rahbari Nozima Xoliqova. – Shu bilan birga, har bir davlat korxonasida xorijiy til kurslariga start berildi. Bunday tashabbusni eng avval qo‘llab-quvvatlagan tashkilotlardan biri viloyat prokuraturasi bo‘ldi. Hozirda qisqa muddatli intensiv kurslarga 10 nafar prokuror xodim qatnashmoqda. Qolaversa, ta’lim tizimida faoliyat yuritadigan o‘qituvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, bu ular uchun 50 foiz, korxona tashkilotlar uchun esa 20 foiz ustama belgilangani ham qo‘shimcha rag‘bat. Zero, bu moddiy ta’minot nafaqat ishtiyoq, balki xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha kurslarga qatnashish, xorijiy til adabiyotlarini sotib olish uchun ham yaxshi imkoniyatdir.
Agentlikning viloyatdagi vakilligi o‘z ishini 2021yilning 15 iyunidan Buxoro davlat universitetida boshlagan. Agentlik tashkil etilganidan so‘ng maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘qituvchilarning uslubiy-metodik bilimlari ikki oy (avgust-sentyabr) davomida oshirildi. Maktabgacha yoshdagi o‘g‘il-qizlar uchun yagona darslik yangi dasturlar asosida tuzildi hamda nashrga tavsiya qilindi. Xalq ta’limi tizimidagi chet tili o‘qituvchilari xorijiy til sinov imtihonlaridan o‘tkazildi. Past natijalarni olgan o‘qituvchilar uchun shahar va tumanning o‘zida qo‘shimcha kurslar tashkil etildi.
Viloyat xalq ta’limi tizimidagi o‘qituvchilarning til bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlar atigi 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 15 foizga yetdi. To‘g‘rirog‘i maxsus chet tili bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan pedagog soni 200 nafarga yaqinlashdi. Endilikda Agentlik tomonidan nafaqat o‘quv kurslari, balki test jarayonlarini o‘tkazish ham muntazam yo‘lga qo‘yilmoqda.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA