Xorijiy tajribalar muhokama etildi
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tashabbusi bilan “Zamonaviy dunyoda yoshlarning o‘rni: oliy ta’lim muassasalarida harbiy fan rivojlanishining tajribasi, muammolari va istiqbollari” mavzuidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Belarus, Janubiy Koreya, AQSH, Hindiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya davlatlarining mashhur oliy harbiy ta’lim muassasalari olimlari, huquq-tartibot tizimi xodimlari, fan sohasi mutaxassislari hamda xorijdagi Harbiy attashe vakillari, shuningdek, respublikamizning 8 ta oliy harbiy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, iqtidorli kursantlari ishtirok etgan anjumanda oliy harbiy ta’lim muassasalarida harbiy fan rivojlanishining muammolari va istiqbollarini muhokama qilish uchun keng munozarali muhitni yaratish, kursantlarni tayyorlash jarayonida rivojlangan xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalarida harbiy fan rivojlanishining tajribasini o‘rganish lozimligi ta’kidlandi.


Kursantlarda ilmiy tadqiqotlarni olib borishga qiziqishni, tahliliy va tanqidiy fikrlashni shakllantirish, oliy harbiy ta’limda va fanda raqobatbardosh muhitni yaratish, mustaqil fikrlashga qodir bo‘lgan, xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali professional kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga harbiy fanlarni o‘qitish uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA