Xorijdagi vatandosh-saylovchilarga murojaat
Saylov har bir fuqaro o‘z Konstitutsiyaviy huquqini amalga oshiruvchi imkoniyat hisoblanadi.
Saylov har bir fuqaro o‘z Konstitutsiyaviy huquqini amalga oshiruvchi imkoniyat hisoblanadi. Ayni paytda vatandoshlarimizning bu muhim siyosiy jarayonda faol qatnashishlari uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Dunyoning turli mamlakatlarida bir necha million O‘zbekiston fuqarosi borligini inobatga olib, O‘zbekiston “Adolat” SDP ularning manfaatini chetlab o‘tolmaydi.
Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, biz ilgari surayotgan g‘oya va maqsadlar chet elda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ham bevosita aloqador.
Jahon sotsial-demokratiyasining bosh shiorlaridan biri – Birdamlik. Shunga mos ravishda Saylovoldi dasturimizda mehnat muhojirlarining huquqlarini samarali himoya qilish ustuvor vazifalarimiz qatorida qayd etilgan. Biz barcha mehnat muhojirlari va ularning oila-a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini mamlakatimiz qonunchiligida aks etishi va qo‘llanishi choralarini ko‘ramiz. Shu jumladan, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish tashabbusi bilan chiqamiz.
Xorijdagi vatandoshlarimiz! Biz har biringizni eshitishga, siz bilan muloqotga kirishishga tayyormiz! Agar siz partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodga ovoz bersangiz, biz parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lamiz! Saylovchi sifatida siz ovoz bergan okrugdagi deputatingizga murojaat qilishingiz, takliflar berishingiz mumkin.
Biz sizlardan saylovda faollikni kutib qolamiz va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishga chaqiramiz. Zero, xorijlik vatandoshlarimiz ham ildizi suv ichgan joy - ona Vatanlariga befarq emasliklari aniq.
O‘zbekiston “Adolat” SDP.