Xorijdagi fuqarolar pensiyasi: tölov töxtatilişining huquqiy asoslari
Bugungi kunda köplab yurtdoşlarimiz davolaniş, farzandlari va yaqinlarini ziyorat qiliş, şuningdek, sayohat maqsadida xorijiy davlatlarga yöl olişmoqda. Ammo çet elda rejalaştirilganidan köproq muddat qolib ketilganda, pensiya tölovlarining kutilmaganda töxtab qolişi köpçilik fuqarolar va ularning oila aʼzolarida turli savollar hamda xavotirlarni keltirib çiqaradi.
Xöş, çet elda bölgan fuqarolarning pensiya tölovi töxtatilişiga amaldagi qonunçilikda aniq huquqiy asoslar belgilanganmi?
Toşkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni maʼlum qildi:
–Aslida, bu holat qonunbuzarlik yoki mablağlarning bekor qilinişi emas, balki davlat byudjeti mablağlarining maqsadli sarflanişini taʼminlaşga qaratilgan qonuniy tartibdir. Çet elda bölgan fuqarolarning pensiya tölovi töxtatilişiga amaldagi qonunçilikda aniq huquqiy asoslar belgilangan.
Davlat pensiyalarini tayinlaş va tölaş tartibi töğrisida nizomning 159-band 3-xatboşiga muvofiq, pensioner Özbekiston Respublikasidan taşqariga çiqqanda 3 oydan ortiq vaqt mobaynida Özbekiston Respublikasiga qaytib kelmaganda;
Davlat pensiyalarini tayinlaş va tölaş tartibi töğrisidagi nizomning 159-bandi 11-xatboşiga muvofiq, xorijiy davlatda bölgan holda naqd pulsiz şaklda (bank plastik kartasi orqali) pensiyani oluvçi şaxs unga tayinlangan pensiyaga bölgan huquqini tasdiqlaş uçun belgilangan muddatda kelmaganda Pensiya jamğarmasi tölovni avtomatik tarzda töxtatib turadi.
Amaldagi tartibga köra, agar fuqaro xorijga çiqib ketsa va 3 oy içida qaytib kelmasa, Pensiya jamğarmasi tölovni avtomatik ravişda töxtatib qöyadi. Bu pensiya mablağlarining manzilli va qonuniy tölanişini taʼminlaş hamda nazorat qilişga qaratilgan.
Istisno tariqasida aytiş mumkinki, agar pensiya işonçnoma orqali yoki xorijiy davlatda bölgan holda naqd pulsiz şaklda oliş böyiça maxsus tartiblar rasmiylaştirilgan bölsa, uşbu 3 oylik çeklov qöllanilmasligi mumkin. Biroq huquqni tasdiqlaş muddati baribir amal qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
ÖzA