Xorij xabarlari: Dubaydagi AQSH konsulligiga dron hujumi (+video)
Bugungi «Xorij xabarlari» dasturida AQSH va Ekvadorning narkotrafikka qarshi qo‘shma operatsiyasi, Eronda Mujtabo Xomanaiyning yangi oliy rahnamo etib saylangani haqidagi xabarlar, Suriyaning Livan bilan chegarada harbiy ishtirokini kuchaytirishi va Dubaydagi AQSH konsulligiga dron hujumi haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Germaniyaning Ukrainaga gaz yetkazib berayotgani haqidagi da’volarga rasmiy rad javobi, Hindistonda sun’iy intellekt yaratgan soxta sud qarorlari bilan bog‘liq mojaro hamda 2026-yilgi eng obro‘li davlatlar reytingi natijalari tahlil qilindi. Dastur orqali jahondagi dolzarb siyosiy, harbiy va xalqaro jarayonlar bilan tanishasiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TYmUfJ6N0BY" title="Xorij xabarlari: Dubaydagi AQSH konsulligiga dron hujumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>AQSH va Ekvador narkotrafikka qarshi qo‘shma operatsiya o‘tkazdi
AQSH va Ekvador harbiylari Lotin Amerikasida “terrorchi tashkilotlar” deb atalgan guruhlarga qarshi qo‘shma amaliyot o‘tkazdi. AQSH Janubiy qo‘mondonligi operatsiya yakunlanganini ma’lum qildi. Amerikalik harbiy maslahatchilar rejalashtirish va razvedka ishlarida ishtirok etgan, asosiy harakatlar esa Ekvador qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan. Operatsiya tafsilotlari ochiqlanmadi.
Eronda Mujtabo Xomanaiy yangi oliy rahnamo etib saylandi
Eron Islom Respublikasida vafot etgan oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy mamlakatning yangi diniy rahbari etib saylangani xabar qilindi. Qaror 88 nafar ulamodan iborat Kengash tomonidan qabul qilingani aytilmoqda. Hozircha rasmiy tasdiq berilmagan, mamlakatni vaqtincha uch kishilik kengash boshqarmoqda.
Suriya Livan bilan chegarada harbiy ishtirokini kuchaytirdi
Suriya Mudofaa vazirligi Livan bilan chegaradagi harbiy faoliyatni kuchaytirganini ma’lum qildi. Hududga piyoda qo‘shinlar, zirhli texnika va qisqa masofali raketa qurilmalari joylashtirilgan. Rasmiylar bu choralar chegara nazorati va kontrabandaga qarshi kurash maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Dubaydagi AQSH konsulligiga dron hujumi uyushtirildi
BAAning Dubay shahridagi AQSH konsulligi dron hujumiga uchradi. Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqqan, u qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan. Jabrlanganlar yo‘q. Voqea mintaqadagi harbiy keskinlik fonida sodir bo‘ldi.
Germaniya Ukrainaga gaz yetkazayotgani haqidagi da’volarni rad etdi
Germaniya hukumati Ukrainaga “nemis gazi” yetkazib berilayotgani haqidagi da’volarni rad etdi. Rasmiylarga ko‘ra, mamlakat hududi orqali faqat tranzit oqimlari o‘tmoqda. Ukraina kompaniyasi tomonidan sotib olingan suyultirilgan tabiiy gaz Ryugen orolida qayta gazlashtirilib, quvurlar orqali yetkazilmoqda.
Hindistonda sun’iy intellekt yaratgan soxta qarorlar aniqlandi
Hindiston Oliy sudi Andxra-Pradesh shtatidagi quyi sudya mulk nizosi bo‘yicha qaror chiqarishda sun’iy intellekt yaratgan soxta sud qarorlariga tayanganini aniqladi. Sud inson nazorati zarurligini ta’kidlab, ishni qo‘shimcha o‘rganishga qaror qildi.
Dunyodagi eng obro‘li davlatlar — 2026-yil reytingi
Global Soft Power Index 2026 reytingiga ko‘ra, AQSH 74,9 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy joylashgan. Yevropa davlatlaridan Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya yuqori ko‘rsatkich qayd etgan. Reyting davlat nufuzi iqtisodiy va harbiy qudrat bilan birga xalqaro ishonch va imijga ham bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Nozimbek Mardonov, Yoqub Meliboyev O‘zA